O‘zbekiston va Belarus shifokorlari onkologiya yo‘nalishida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Belarus shifokorlari onkologiya yo‘nalishida hamkorlik qiladi

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi xizmat safari bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.

Tashrifning ikkinchi kuni Minsk shahrida joylashgan N.N.Aleksandrov nomidagi Respublika onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishuvdan boshlandi.

Ta’kidlash joiz, 64 yillik tarixga ega mazkur markazdagi ilmiy-tibbiy-o‘quv majmuada 10 ilmiy laboratoriya, 20 ta stasionar va 11 ta diagnostika bo‘limi mavjud.

Bugungi kunda ularda jami 1700 dan ziyod malakali xodimlar, shu jumladan, 25 nafardan ortiq tibbiyot va biologiya fanlari doktorlari hamda 12 nafar professor mehnat qilmoqda.

E’tiborlisi, bu yerda umumiy gipertremiya, fotodinamik terapiya kabi dunyoda muqobili bo‘lmagan noyob davolash usullari qo‘llaniladi.

Markazda o‘rnatilgan zamonaviy diagnostika asob-uskunalari esa hatto eng og‘ir onkologik kasalliklarga ham tez va aniq tashxis qo‘yish imkonini bermoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov va markaz rahbariyati o‘rtasida o‘tgan muloqot davomida ta’kidlanganidek, yurtimizda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Belarus tibbiyot va ta’lim kunlari ko‘plab yo‘nalishlar qatorida onkologiya sohasidagi o‘zaro hamkorlikni ham yanada mustahkamlashga turtki bo‘ldi.

Xususan, aksiya doirasida mamlakatimizga Belarusdan bir guruh yuqori malakali onkologlar tashrif buyurib, mahalliy shifokorlar bilan o‘zaro bilim va tajriba almashdi, hamkorlikda murakkab amaliyotlar bajardi.

Uchrashuvda onkologiya sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ular uchun ushbu markazda stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, birgalikda onkologik kasalliklarni davolashning yangi usullarini joriy qilish kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, muzokaralar davomida ikki mamlakatning onkologik muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘z navbatida, belaruslik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblaridan ayrim onkologik kasalliklarni robot texnologiyasi yordamida davolashni o‘rganishga qiziqish bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!