O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri BMT FAO konferensiyasida nutq so‘zladi

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri BMT FAO konferensiyasida nutq so‘zladi

Joriy yilning 24 iyun kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkiloti (FAO) konferensiyasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev nutq so‘zladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati «Daryo»ga xabar berdi.

Vazir bugungi kunda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida yangicha institusional islohotlar boshlangani, bu esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan mamlakatning besh yillik taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqqan holda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Vazir dastlab konferensiyada butun dunyo e’tiborini tortayotgan muammo — Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Albatta, bu masalani hal etishda har bir davlatning o‘ziga xos o‘rni borligi, O‘zbekiston bu borada qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish orqali Markaziy Osiyo mintaqasida savdo-sotiq tartiblarini soddalashtirish borasidagi ko‘plab muammolarni yechishga muvaffaq bo‘layotgani sezilarli natijalarni bermoqda.

Shuningdek, BMT shafeligida O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tashkil etilgani esa ko‘plab davlatlar bu jamg‘arma faoliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Qayd etilganidek, yaqinda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish borasida aniq vazifalar belgilangan bo‘lib, ayni paytda mamlakatda o‘zlashtirish imkoni bo‘lgan 1 million gektardan ortiq maydon qayta foydalanishiga erishiladi. Bu esa respublikada amalga oshirilayotgan muhim islohotlardan biridir. Shu boisdan O‘zbekiston bu borada hamkorlar bilan ishlashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Qishloq hududlarini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bu borada Prezident sa’y-harakatlari bilan barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarning qishloq xo‘jaligidagi o‘rnini oshirish borasidagi ishlarni kengaytirishga keng yo‘l berilmoqda.

Konferensiyada ma’ruzada bayon etilgan masalalar xorijlik mutaxassislar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Manba: daryo. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!