«O‘zbekiston madaniyati kunlari» Tojikistonda bo‘lib o‘tmoqda

«O‘zbekiston madaniyati kunlari» Tojikistonda bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Dushanbe shahrida 15-20 aprel kunlari «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu yirik madaniy dastur doirasida «O‘zbekiston va Tojikiston ijodkor va ilmiy ziyolilari anjumani», o‘zbek va tojik san’at ustalari ishtirokida «Do‘stlik konserti», «O‘zbek kinosi kunlari», O‘zbekiston teatrlarining Tojikistonga gastrollari, Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansambli konserti tashkil etilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston xalq artisti, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida bir guruh madaniyat va san’at namoyandalari, jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Farrux Zokirov, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov Dushanbe shahriga yetib keldi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston xalq artisti, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Usmonova, O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Erqulova, Ilyos Arabov, Ma’suma Boltaboyeva, Oygul Nodirova va boshqa san’atkorlar "Do‘stlik konserti"da qatnashadi.

18 aprel kuni o‘tkaziladigan o‘zbek va tojik san’at ustalari va yosh ijodkorlarining ishtirokida qo‘shma «Do‘stlik konserti»da ikki davlatning milliy va zamonaviy musiqa san’ati namunalari, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tarannum etiladi.

Ozodbek Nazarbekov qo‘shma «Do‘stlik konserti»ga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi, mas’ullar va tashkilotchilar bilan fikr almashib, ularga o‘z tavsiyalarini berdi, deb xabar qilmoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!