O‘zbekiston ikki davlatdan vaksina sotib olishni rejalashtirmoqda – Behzod Musayev

O‘zbekiston ikki davlatdan vaksina sotib olishni rejalashtirmoqda – Behzod Musayev

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev O‘zbekistonda koronavirus bilan kurash qay tarzda tashkillashtirilgani haqida ma’lumot berdi.

«Bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirus bilan 54 mingdan ortiq odam zararlangan bo‘lsa, bu aholining 0,15 foizini tashkil qiladi. O‘lim ko‘rsatkichi esa O‘zbekistonda boshqa davlatlar bilan solishtirganda juda past.

Boshida kerakli narsalarni chet davlatlardan import qilishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir o‘zimizda ham ishlab chiqarish imkoniyati kengaytirilmoqda. Masalan, bugungi kunda Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi laboratoriyada oyiga bir million test ishlab chiqarilmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan tibbiy niqoblar hajmi esa kuniga 7 millionga yetkazildi», dedi Behzod Musayev.

U pandemiya davrida 3ta narsaga e’tibor qaratilgani, birinchi navbatda, shifoxonalarni tayyorlash, keyingi o‘rinda ularni jihozlash masalalari turgani, uchinchi masala esa kadrlar va dori-darmonlarni tayyorlashni hal qilish bo‘lganini aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, shifoxonalarni, saralash-taqsimlash markazlarini tayyorlash ishlari, kerakli tibbiyot jihozlarini sotib olish yetarlicha amalga oshirilgan.

Behzod Musayev koronavirusga qarshi vaksina xarid qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Hozirgi kunda Xitoyning 2ta kompaniyasi vaksinalarning uchinchi bosqichdagi sinovlarini o‘tkazmoqda. Rossiya Federasiyasi ham vaksina sinovi ishlarini olib bormoqda. Davlat rahbari tomonidan Xitoy bilan ham, Rossiya Federasiyasi bilan ham vaksina masalasida hamkorlikni kengaytirishga yo‘l ochib berildi.

Bu jarayonda ishtirok etish bilan fanimiz rivojlanadi. Vaksinasiya ishlarini o‘rganish orqali olimlarimiz ko‘p narsa o‘rganishi mumkin va yangi narsalarga yo‘l ochiladi», dedi bosh vazir o‘rinbosari Xalqaro press-klubning «O‘zbekiston-BMT: muhim tashabbuslar va aktual takliflar» mavzudagi prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqiga bag‘ishlangan sessiyasida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!