O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tadi

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida fransiyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari va savdo bitimlarining hozirgi holati, shuningdek, Fransiya hukumati va ishbilarmon doiralari ishtirokidagi kelgusi tadbirlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, joriy yilning 11 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi hamda O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbirlar doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilish uchun Fransiya Respublikasi tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik vaziri Frenk Riyesterning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilishi kutilayotgani ma’lum qilindi.

Muzokarada ishtirok etgan vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va Toshkent shahar hokimligi rahbarlari bilan birgalikda amaldagi kelishuvlar ijrosi batafsil tahlil qilindi, tegishli masalalar aniqlanib, ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda fransiyalik hamkorlar bilan qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalarni qazib olish, energetika va boshqa sohalarda birgalikda faol tarzda rivojlantirilayotgan istiqbolli loyihalar va kelishuvlar ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish ob’ektlarini tashkil etish maqsadida Fransiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan kooperasiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investisiya loyihalarini ishlab chiqish markazi rahbariyatiga fransiyalik hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi istiqbolli takliflarni ishlab chiqishda tegishli vazirlik va idoralarga amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan alohida ko‘rsatmalar berildi.

Tijorat banklari rahbarlariga hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga oid aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida Fransiyaning yetakchi bank-moliya muassasalari bilan munosabatlarni yanada faollashtirish zarurligiga ko‘rsatib o‘tildi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga kelgusi tadbirlar kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish maqsadida fransiyalik hamkasblar va tadbirkorlar bilan samarali hamkorlik qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!