O‘zbekiston chegarasini 20 kun ichida qancha afg‘onistonlik buzib o‘tdi?

O‘zbekiston chegarasini 20 kun ichida qancha afg‘onistonlik buzib o‘tdi?

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 12 iyul, dushanba kuni o‘tkazilgan brifingda Afg‘onistondagi vaziyat va O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tgan afg‘onistonliklar haqida gapirdi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri.

«Afg‘onistonda kuchayib borayotgan zo‘ravonliklar bo‘yicha rasmiy pozisiyamizni Tashqi ishlar vazirligi 24 iyun kuni bildirgan edi. Bu haqda brifinglar davomida ham bir necha marta sizlar bilan fikr almashgan edik.

2021 yilning 23 iyunidan boshlab Afg‘onistonning qurollangan shaxslari O‘zbekiston chegarasini bir necha marotaba noqonuniy buzib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ularning umumiy soni shu kunga qadar 150 kishiga yetdi va barchasi tergov, surishtiruv ishlari olib borilganidan keyin xalqaro qonunchilikka muvofiq, o‘z davlatiga qaytarib yuborildi. Ya’ni hozirgi kunda O‘zbekiston hududida Afg‘onistonning birorta fuqarosi noqonuniy boshpana topgani yo‘q va chegaralarimiz daxlsizligi hech qanday shubha ostiga qo‘yilmaydi. O‘zbekiston kelgusida ham o‘z hududiga noqonuniy o‘tishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatdan, albatta, xavotirda. Biz ikki davlat o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz va ushbu davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdorimiz», — dedi Asadov.

Eslatib o‘tamiz, 22 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi va qator manfaatdor tashkilotlar taklifiga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi Afg‘onistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganini inobatga olib, o‘zbek-afg‘on davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgandi.

23 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon telefon orqali suhbatda bugungi kunda qo‘shni Afg‘onistonda, xususan, uning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarida, ikki mamlakatning Afg‘oniston bilan davlat chegarasi o‘tadigan hududlari bo‘ylab vujudga kelayotgan tahlikali vaziyatni ham muhokama qilib, ushbu mamlakat bilan chegara chizig‘idagi vaziyatni juda keskin deb baholagandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!