O‘zbekiston bozorlaridagi 24 foiz tarozi noto‘g‘ri o‘lchashi aniqlandi

O‘zbekiston bozorlaridagi 24 foiz tarozi noto‘g‘ri o‘lchashi aniqlandi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining hududiy tuzilmalari xodimlari tomonidan respublikadagi 190 dan ortiq bozorlar o‘rganildi. Bu haqda agentlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘rganishlarda qo‘llanilayotgan olti mingga yaqin (5981) tarozi asboblaridan 1474 tasi (24% hollarda) foydalanishga yaroqliligi tasdiqlanmadi. Ularda o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi belgi mavjud emas. Bunday tarozilar me’yorda xizmat ko‘rsata olmasligi mumkin, o‘lchovlarning aniqligi ham kafolatlanmagan.

Ta’kidlanishicha, Agentlikka iste’molchilar tomonidan xarid qilish chog‘ida tarozilarning noto‘g‘ri o‘lchayotganligi yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Iste’molchi tomonidan sotib olingan mahsulotlar qayta tortib ko‘rilganida vazni kam chiqqani ma’lum bo‘lgan.

Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida sotuvchilar tomonidan tovarlarni savdo davomida tarozilarni o‘rnatish talablari buzilgani ham aniqlandi. Xaridorlar tarozilar o‘rnatilgan joy atrofi turli tovarlar yoki inventarlar bilan to‘sib qo‘yilgani bois o‘lchab tortish jarayonni kuzatishning iloji bo‘lmagan.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari Xorazm viloyatidagi “Qo‘shko‘pir dehqon bozor” MCHJda tarozi jihozlari holati ayanchli ekanligi, bu yerdagi mavjud savdo ob’ektlari umumiy sonining atigi 2 foizigina savdo markazlari vazn tarozilari bilan jihozlangan, xolos.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Nukus dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli dehqon bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy savdo markazlari va shoxobchalarining (1036 ta) bor-yo‘g‘i 15 foizi (159 ta) da tarozilar bor.

Andijon viloyati Asaka tumani dehqon bozori “Asaka dehkon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tarozilar bilan jihozlanish darajasi atigi 5 foizni tashkil etadi.

Ma’lumot o‘rnida:O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga ko‘ra, iste’molchi ish, xizmatlar, shuningdek ijrochi, sotuvchi to‘g‘risida ishonchli va to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-son qaroriga asosan, Savdo operasiyalari o‘lchash-tortish vositalaridan (tarozilar, tarozi toshlari, o‘lchovli sig‘imlar, metrlar va boshqalardan) foydalangan holda amalga oshiriladigan bozorlarda metrologik qoidalar va normalar talablariga muvofiq bo‘lgan o‘lchov anjomlari mavjud bo‘lishi shart.

Tarozilar va boshqa o‘lchov anjomlari sotuvchining ish joyida tortib ko‘rish, qiymatini aniqlash va tovarni berish bo‘yicha barcha jarayonlarning ko‘rinib turishi ta’minlangan holda o‘rnatilishi kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!