UzAuto Motorsdan qandaydir to‘da manfaatdormi?

A A A
UzAuto Motorsdan qandaydir to‘da manfaatdormi?

Taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st UzAuto Motors mutasaddilarining deputat va senatorlar bilan bo‘lgan uchrashuvini OAV orqali kuzatganini bildirib, ushbu tadbirda mutasaddilar berilgan savollarga yolg‘on javob qaytarganligini qayd etdi. Bu haqda «Kun.uz» xabar bergan.

«Sezdimki, korxona mutasaddilari ko‘p yolg‘on gaplarni gapirdi. Bu ularning yuz-ko‘zidan shundoq sezilib turgandi. Bilasizmi, O‘zbekistonning avtomobil zavodi o‘zini oqlamadi. Oqlashi mumkin edi, qachonki u haqiqiy bozor qoidalari asosida ishlaganida.

Esingizda bo‘lsa, 2008 yilda butun dunyo bo‘ylab iqtisodiy inqiroz kuzatildi. O‘sha payti men bizda iqtisodiy inqiroz bo‘lmaydi, deb aytgandim. Chunki iqtisodiy inqiroz iqtisod bo‘lgan joyda kuzatiladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bizda haqiqatan ham inqiroz bo‘lmadi», – deydi kinoya bilan yozuvchi.

Ko‘p yillar davlat rahbariyati huzurida turli mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan Murod Muhammad Do‘st suhbat davomida hukumat endilikda monopolist korxonani qo‘llab-quvvatlashni bas qilishi lozimligini ta’kidladi.

«Jiddiy gapiradigan bo‘lsam, hukumat o‘zining o‘yinlarini qo‘yib, bu monopolist korxonani umuman qo‘llamasligi kerak. U chegaradagi bojlarni kamaytirishi, odamlarga erkin avtomobil sotib olishi uchun imkoniyat yaratib berishi shart. Agar u xalqni o‘ylasa, uning ahvolidan kuyunsa, shunday qiladi.

UzAuto Motors rahbariyati mard bo‘lsa, haqiqiy raqobatga kuchi yetsa, bozor qoidalari bo‘yicha ishlasin», – dedi u.

Yozuvchining aytishicha, o‘zbek avtosanoati faoliyatida alohida shaxslar manfaati ustuvorlik qiladi.

«Bu yerda qandaydir bir to‘daning manfaati bor. Esingizda bo‘lsa, bir paytlar korxona ichidagi shaxslar tomonidan avtomobillar chetga chiqarilib, yana O‘zbekistonga qaytarib sotilgan holatlar ham bo‘lgan», – deya qo‘shimcha qildi suhbatdosh.

Murod Muhammad Do‘st «Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirovning muloqotdagi harakatlaridan qattiq ranjiganini ham bildirgan.

«Alisher Qodirov degan deputatning gaplari, harakatlarini hamma ko‘rdi. Bilasizmi, kishida uyat bo‘lishi kerak. Agar u adolat qilolmasa, jim turishi kerak. Kishi hech bo‘lmasa, zolim tarafida bo‘lmasligi kerak.

Tushunyapsizmi, xalq saylagan vakil xalqni qiynayotganlar tarafidan gapiryapti», – dedi u.

Yozuvchining so‘zlariga ko‘ra, avtozavodda mashinalar ishlab chiqarilmaydi, balki shunchaki yig‘iladi.

«Ikkinchidan, zavodda avtomobil shunchaki teriladi. Buning uchun xom ashyo tashqaridan olib kelinadi va to‘rtta g‘ildirak, rul qo‘yib sotiladi. Bu – spekulyasiya (foyda olish, boyish maqsadida kamyob narsalarni sotib olib, ularni qimmat narxda pullash, sotish, chayqovchilik).

Hozir chiqarilayotgan qimmat avtomobillar ham shunday qilinadi. Bu ham spekulyasiya. Hozirgi zavod egalari shunchaki vositachilar. Ular bor narsani ‘taq-taq’ qiladi va ustiga shunchaki o‘zining markasini qo‘yib qo‘yadi.

Davlat avtomobillar uchun chegaralarini ochishi kerak. U baribir tarif bo‘yicha foydani oladi. UzAuto Motors shu shart bilan ishlay olsa, ishlasin, bo‘lmasa kerak emas», – degan Murod Muhammad Do‘st.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!