Urologiya markazi maslahat poliklinikasida qanday zamonaviy diagnostika usullari joriy etilgan?

Urologik kasalliklar keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kiradi. Shu bois yurtimizda mazkur yo‘nalishda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Buni esa Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Ayni paytda muassasa zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or diagnostika va davolash uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lib, salohiyati jihatidan Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinda turadi.
Xususan, markazning Maslahat-diagnostika poliklinikasi bemorlarga tezkor va aniq tashxis qo‘yish hamda davolash bo‘yicha katta yutuqlarga erishyapti.
— Poliklinikamiz kunlik 250 nafar qatnovga mo‘ljallangan, — deydi markaz direktori Shuhrat Muxtarov. — Bemorlar bu yerda urolog, androlog, nefrolog, anesteziolog, kardioterapevt, UTT shifokori, rentgenolog kabi tor soha mutaxassislari ko‘rigidan o‘tishlari va patogistolog hamda shifokor-sitolog mutaxassislarning zarur maslahatlarini olishi mumkin.
EKG, laborator (qon, prostata soki, spermogramma va peshob) tahlillari, radiologik hamda urodinamika tekshiruvlari orqali kasalliklarga tezkor va aniq tashxis qo‘yiladi.
Shu bilan birga, poliklinikada Sistatin S, prostata ishqoriy fosfatazasi, prokalsitonin miqdorini aniqlash, sutkalik peshobning mineral tarkibini tekshirish kabi noyob laborator tahlillar o‘tkazish imkoni ham mavjud.
Bemorlar uchun, shuningdek miksion sistogramma, 3 turdagi urodinamik tekshiruvlar, toshlarning mineral tarkibini o‘rganish kabi zamonaviy tekshiruvlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
Xastaliklarga tez va aniq tashxis qo‘yishda Multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT), urofloumetriya va kompleks urodinamik tekshiruv, ultratovushli dopplerografiya (UTT), raqamli rentgen kabi eng zamonaviy tibbiy-asbob uskunalardan foydalaniladi.
Poliklinikada bemorlar elektron tarzda ro‘yxatga olinadi. Ular infrakiosk orqali markaz tuzilmasi, xodimlar salohiyati, ko‘rsatiladigan barcha tibbiy xizmat turlari haqida kerakli barcha ma’lumotlarni olishlari mumkin. Shu bilan birga, nogironlar uchun maxsus yo‘lakchalar tashkil etilgan.
2023 yil muassasaga 78 ming 512 nafar bemor murojaat qilgan.
Yaqin kelajakda poliklinika Magnit rezonans tomografiyasi (MRT), erkaklik faoliyatidagi o‘zgarishlarni davolashda past chastotali tashqi to‘lqinli litotriptor, IXLA analizator kabi eng ilg‘or tibbiy uskunalar bilan ta’minlanishi hisobiga 10 dan ziyod tashxislash va davolash usullari amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.