“O‘quvchilarning 39 nafari pornografik materiallar saqlagani aniqlangan” — Samarqandda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat sodir etish ko‘paygani aytildi

Oliy Majlis Senatida 16 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning Samarqand viloyatidagi ijrosi muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatda joriy yilda 1 ming 345 ta “reyd” tadbiri o‘tkazilib, voyaga yetmagan bolalarni nazoratsiz qoldirgan 57 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birga voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida ayrim muammolar mavjudligi aniqlangan.
“Jumladan, viloyatda voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etish holati yildan yilga ortib, 2021 yilda 1 ming 331 tani, 2022 yilda
3 ming 941 tani hamda 2023 yilning 8 oyi davomida esa 3 ming 128 tani tashkil etgan.
Voyaga yetmaganlar orasida sodir etilgan jinoyatlar soni ham ortgan. Xususan, 2022 yilning 8 oyi davomida jinoyatlar soni 92 tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 129 tani tashkil etib, 40 foizga ortganligini ko‘rsatmoqda.
Profilaktik tadbirlar davomida 39 nafar maktab o‘quvchisi pornografik, 58 nafari esa zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib etuvchi materiallar saqlagani aniqlangan. 2 ming 221 nafardan ortiq tarbiyasi og‘ir bo‘lgan bolalar bilan profilaktik suhbatlar olib borilib, 1 ming 853 nafar o‘quvchining ota-onasiga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan”, — deyiladi senat axborotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, kriminogen vaziyat og‘ir deb belgilangan 76 ta ta’lim muassasasiga IIB rahbarlarining biriktirilganligidan maktablarning xabardor emasligi ushbu tizim amalda ishlamayotganligidan dalolat beradi.
O‘rganish davomida aksariyat ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlariga sababsiz hamda muntazam ravishda qatnashmayotgan voyaga yetmaganlar monitoringini olib borish yo‘lga qo‘yilmagani ham aniqlangan.