Umra lisenziyasini olish uchun yangi talablar e’lon qilindi
“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, quyidagi lisenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:
➖Ziyoratchilarga guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
➖shtatida diniy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;
➖voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
➖1 mln AQSh dollari miqdordagi mablag‘ni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
➖o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
➖ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistoni Podshohligining faqat “Umra” vizasini rasmiylashtirish;
Bunda, “Umra” vizasidan tashqari viza bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi.
➖“Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish hamda ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;
➖ziyoratchilarga “Umra” amallarini bajarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va sifatli “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarga o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish;
➖xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha 2 yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega hamda ushbu davr mobaynida yo‘lovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniyalar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish-kelish aviachiptalarini xarid qilish;
➖ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
➖“Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
➖“Umra” xizmatini lisenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik.
Shuningdek, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun lisenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) etib belgilangan.