NATO Rossiya bo‘yicha yangi strategiya tayyorlamoqda
Shimoliy Atlantika alyansi Rossiyaga nisbatan yangi strategiyani muhokama qila boshladi. NATO davlatlari mudofaa vazirlari bu masalani kelasi haftada birinchi marta muhokama qiladi, deb yozadi Politico.
Nashr Rossiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlar Moskvaning Gruziya va Ukrainaga tajovuzi fonida sezilarli darajada yomonlashganini eslatadi. Ammo shunga qaramay, alyans 1997 yilda imzolangan Rossiya Federasiyasi bilan o‘zaro munosabatlar, hamkorlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi asosiy hujjatga amal qilishda davom etmoqda. Unda NATO va Rossiya "barqaror, tinch va bo‘linmagan Yevropani qurish" umumiy maqsadini tan oladi.
Shu bilan birga, Rossiya-NATO kengashi 2022 yildan beri o‘tkazilmagan. Bunday organ sovuq urushdan keyin xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik va qo‘shma loyihalar uchun tashkil etilgan.
"Hozir NATO strategiyaning turli elementlarini aniqlashga (Rossiya bo‘yicha - tahr.) va alyans ichidagi munozaralarni ilgari surishga harakat qilmoqda, bu bizni Rossiya-NATO asosiy hujjatining kelajagi kabi masalalarga olib keladi," - deya AQSh hukumatining yuqori martabali vakili bayonotidan iqtibos keltiradi nashr.
Uning aniqlik kiritishicha, hozir "alyans bo‘yicha ittifoqchilarning aniq pozisiyalarini hisobga oladigan yangi strategiyani ishlab chiqish vaqti keldi." Uning loyihasi hozircha yo‘q.
Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, asosiy hujjat va Rossiya-NATO kengashi NATO va Rossiya munosabatlarida "boshqa davr uchun yaratilgan".
Nashrning aniqlik kiritishicha, yangi strategiya bo‘yicha munozaralar bir necha oydan beri davom etmoqda. Ammo kelgusi haftada bu mavzu birinchi marta NATOga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari darajasida muhokama qilinadi. Kelishuvlarga ko‘ra, bunday strategiya 2025 yil iyun oyida Gaagada bo‘lib o‘tadigan alyansning navbatdagi sammiti oldidan ishlab chiqilishi kerak.