O‘g‘irlab ketilgan jurnalist ayol qanday iymonga keldi?
E’tiboringizga "Ash-Shabab" guruhi tomonidan o‘g‘irlab ketilib, 18 oy tutqunlikda ushlab turilgach, islomni qabul qilgan Aisha Silvianing italiyalik jurnalistga bergan intervyusini havola etamiz. Maqola, ayniqsa, Aishaning o‘ziga eng yoqqan suralar haqidagi javobi menda judayam qattiq ta’sir qildi. Alloh singlimizni islomda sobitqadam qilsin!
"Men Aisha Silvia Romano bilan Milan shahridagi Via Padova hududida ko‘rishdim. Men u tomon borar ekanman, uni misrlik bir xonim to‘xtatib va so‘roqqa tutdi: “Siz Silviamisiz?”
Men aralashmaslikni ma’qul ko‘rdim. Ular nima haqida suhbatlashayotganini eshitmasdim, lekin ikkisining ham ko‘zlaridan yosh oqar edi. Aisha Silvia u bilan tabassum qilgancha xayrlashdi.
Shundan so‘ng ikkimizning suhbatimiz boshlandi:
- Jo‘nab ketishdan va o‘g‘irlanishdan oldin sizning dinga bo‘lgan munosabatingiz qanday edi?
- O‘g‘irlanishimdan oldin men Xudo haqida o‘ylamasdim, dahriy edim, desam ham bo‘ladi. Dunyoda sodir bo‘layotgan son-sanoqsiz fojialarni ko‘rib, ba’zida onamga aytardim: “Xudo bor bo‘lganida, bu yovuzliklar bo‘lmas edi. Menimcha, xudo yo‘q. Aks holda, shuncha qayg‘u, shuncha g‘am bo‘lmas edi.” Biroq bu narsalar haqida kamdan-kam o‘ylar edim. Ko‘pincha bu mavzuga befarq bo‘lganman. Orzu-havaslarim ketidan quvib o‘z hayotimni yashar edim.
- O‘sha paytlardagi axloqiy qarashlaringiz qanday edi?
- Nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekanini belgilab beruvchi yagona o‘lchov o‘zimni qanchalik xursand his qilishim edi. Hozir anglab yetdimki, bularning bari sarob ekan.
- Sizda har doim kuchsizlarga yordam berish, adolatsizlikka qarshi kurashishga nisbatan ichki turtki bo‘lganmi yoki faqat ularga achinish hissimi – Italiyani tark etishingizga nima sabab bo‘lgan?
- Kollejdagi o‘qishimning oxirgi yiligacha chet elga ko‘ngilli bo‘lib borishga qiziqishim bo‘lmagan. Dissertasiya mavzum bo‘lgan “Jinsiy savdo” mendagi ijtimoiy adolatsizlikka bo‘lgan qiziqishni orttirdi.
- Avvalgidan ko‘proq rahmdil bo‘lib qoldingizmi?
- Men har doim rahmdil bo‘lganman, bolalar, ayollar va, ayniqsa, xorlangan ayollar meni tashvishga solgan. Ularga har doim rahmim kelgan, lekin faqatgina bakalavr bosqichining so‘ngiga kelib amaliy ish qilishga qaror qildim. Bu yerda qolib o‘qishimni davom ettirish menga to‘g‘ri kelmas edi, tajriba orttirishni, boshqalarga yordam berishni, shaxs sifatida shakllanishni istardim.
- Siz ko‘p millatli mahallada ulg‘aydingiz. Ushbu vaziyatda oilangizning ijtimoiy ahvoli qanday bo‘lgan?
- Men Via Padova va Parko Trotter hududlarida katta bo‘ldim va maktabga bordim. Ota-onam hamisha ochiq fikrlovchi, o‘zgarishlarni qabul qiluvchi insonlar bo‘lishgan, ular hech qachon hech kimni kamsitishmagan. Mening do‘stlarim turli ijtimoiy kelib chiqishga mansub bo‘lishgan. Ota-onam menga har-xillikni hurmat qilishni o‘rgatishgan. Onam bilan birga juda ko‘p sayohatga chiqar edik. Har yozda turli davlatlarga sayohatga borar edik: Morokko, Dominik Respublikasi, Misr, Keyp Verde, va shu kabi bir qancha joylar.
- Ulg‘ayish jarayonida musulmonlar bilan aloqada bo‘lganmisiz?
- Ha, lekin afsuski, Islom haqida hech narsani bilmaydiganlar qanday fikrda bo‘lsa, menda ham shundan ortiqcha emas edi. Men Via Padovada birorta hijobli ayolni ko‘rsam, uni ezilgan, jabrlangan deb o‘ylardim. Men uchun hijob ayol kishini ezish vositasi bo‘lib tuyular edi.
- Silvia Romano islomofoblardan biri bo‘lgan deyish mumkinmi?
- “Menda noto‘g‘ri tushunchalar bo‘lgan, lekin mendan farq qiladiganlardan qo‘rqadigan yoki ulardan nafratlanadigan emasdim. Biror narsa haqida salbiy fikrda bo‘lsam ham, tuyg‘ularimni izhor qilmas, odamlarning ko‘nglini og‘ritgim kelmas edi. Avvalgi tushunchalarim menga Islom haqida hech narsani bilmay turib, u haqida fikrlarini ochiq bayon qiladiganlarni tushunishimga yordam beradi. Hozir shuni ayta olamanki, o‘sha paytlari men e’tiborsiz bo‘lganman, Islomga e’tibor bermaganman va unga noto‘g‘ri baho berganman. E’tiqodi sizdan farq qiladiganlar bilan yonma-yon yashab, ular haqida fikrlaringiz shakllanishi mumkin, lekin odatda ularga yaqin bo‘lsangiz ham, borib e’tiqodi haqida savollar so‘ray olmaysiz.
- Siz ko‘ngilli bo‘lib ishlagan Keniyadagi Chakama hududida musulmonlar ham bor edimi?
- Ha, u yerda masjid ham, musulmonlar ham bor edi. Yaqin bir do‘stim musulmon edi, lekin bu meni dinga yaqinlashishga unday olmadi. Juma kunlari u uzun libos kiyar va boshqa musulmonlar bilan masjidga borar edi. Yosh qizlarning ham hijob kiyib olishlarini ko‘rar edim, lekin bularning hech biriga jiddiy qiziqishim bo‘lmagandi.
- Xudoga yaqinlikni qachon his qila boshladingiz? Biror botiniy chaqiriqni his etganmisiz? Ongingizda, qalbingizda savollar paydo qilgan o‘y-fikrlar bo‘lganmi?
- Meni o‘g‘irlab ketishgan mahal, xayolimga shunday o‘ylar kelgan edi: "Men bu yerga ko‘ngilli bo‘lib kelgan edim, odamlarga yaxshilik qilayotgan edim, nimaga men bilan bunday voqea sodir bo‘lyapti? Nimani noto‘g‘ri qildim? Aynan meni olib ketishlari tasodifmikan? Nega boshqa qiz emas, aynan men? Kimdir shunga qaror qilganmi?" O‘ylaymanki, meni aynan shu savollar meni Yaratganga yaqinlashtirgan. Bu tasodifmi yoki taqdirmi, qanchalik ko‘p o‘ylasam, shuncha ko‘p azoblanar edim. Menda javoblar yo‘q edi, lekin ularni topishim kerak edi.
- Bu savollar o‘zingizni yaxshiroq his qilishga undarmidi?
- Yo‘q, qancha ko‘p o‘ylaganim sari shuncha qiylanar, yig‘lar edim, tobim qochar edi. Javob topa olmaganimdan jahlim chiqar edi, asabiylashar edim. Axir javobi bo‘lishi kerak va men uni topishim lozim edi. Men hali taniy olmagan qudratli nimadir bor edi. Kimdir tomonidan tuzilgan buyuk reja borligini tushuna boshlagan edim.
Keyingi bosqich esa ana shu ruhiy safar ortidan qamoqda ekanimda boshlandi. U yerda o‘ylay boshladim: Balki, xudo meni jazolayotgandir. U meni gunohlarim uchun, Unga iymon keltirmaganim uchun, Undan juda uzoqda bo‘lganim uchun jazolayapti.
Keyinroq, yanvar oyida men o‘zim uchun yana bir kashfiyot qildim. Men Somalidagi qamoqxonada edim; tun edi, men uxlayotgan edim, o‘shanda birinchi marta havodan dron hujumini eshitdim. Men butunlay shok holatida edim. O‘limim yaqinlashayotganini sezdim. Xudoga iltijo qilishni boshladim, undan oilamni yana bir bor ko‘rishim uchun meni qutqarishini so‘rardim. Menga yana bir bor imkon berishini so‘rardim, men o‘limdan qo‘rqar edim. O‘shanda birinchi bor men Unga yuzlandim.
- Sizga yomonlik qilishmagan bo‘lsa ham, odam o‘g‘rilari mahbuslikda ushlab turishlari adolatdan emas. Ularning ishi qonunga zid. Qaysidir odam ularning e’tiqodiga ergashib ketishini tushunish qiyin.
- Men Qur’onni o‘qidim va unda qarama-qarshiliklarni topolmadim; darhol tushundimki, u sizni buyuk yaxshilik tomon yetaklaydi. Qur’on bilan "Al-Shabob"ning so‘zlari bir narsa emas. Men Qur’onning mo‘’jiza ekanini his etdim. Ruhiy izlanishlarim davom etdi va men xudoning borligini chuqur anglab yeta boshladim. Ba’zi paytlar men o‘ylardimki, bu tajriba orqali xudo menga hayot yo‘lini ko‘rsatayotgan edi. Men xohlasam bu yo‘ldan boraman, xohlamasam yo‘q.
- Bu holatda o‘zingizga qarshi borish uchun sizda kuch yetarli edimi?
- Men umidsiz holatda edim. Arab tilini o‘rganishni boshlagan bo‘lsam ham, kelajagim haqida qat’iy tushuncham yo‘q edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan menga yolg‘iz Allohning O‘zi yordam bera olishi mumkinligini va qanday yordam qilishini O‘zi ko‘rsatayotganini his qildim.
- Sizning Qur’on bilan munosabatingiz qanday edi?
- Birinchi marta Qur’onni ikki oyda o‘qib chiqdim, ikkinchi marta esa shoshmasdan, nimani o‘qiyotganimni chuqur anglab o‘qishga harakat qildim. Har kuni uni o‘qishga kuchliroq zarurat his qilar edim va bu narsa Islomni qabul qilishimgacha davom etdi. Ko‘p oyatlar yurak-yuragimgacha yetib borar edi. Go‘yoki, Alloh to‘g‘ridan-to‘g‘ri menga gapirayotgandek edi. Men Injildan ham oyatlar o‘qir edim hamda xristianlik va Islom dinlarining umumiy jihatlarini o‘rganar edim. Oxir-oqibat, Qur’on muqaddas kalom, aniq tamoyillarga asoslangan, Allohga olib boruvchi yo‘l ekanini tushunib yetdim.
- Qur’onda Siz boshqalaridan ko‘proq yoqtiradigan suralar bormi?
- Musulmon bo‘lishimdan ilgari, Anfol surasining 70-oyatini yod olgandim:
“Ey Nabiy, qo‘lingizdagi asirlarga: “Agar qalblaringizda yaxshilik bo‘lsa, Alloh bilur va sizga o‘zingizdan olingan narsadan ko‘ra yaxshiroq narsani berur va sizni mag‘firat qilur. Alloh mag‘firat qilguvchi va rahmli Zotdir”, deb ayt!”
Shuningdek, men Qur’onning birinchi surasi ~ Fotihani ham yodlagan va o‘z bilganimcha ibodat qilishni boshlagan edim.
Menga juda qattiq ta’sir qilgan yana bir oyat: “Allohga qanday kufr keltirasizlar? Va holbuki, jonsiz edingiz, U sizga jon berdi, so‘ngra joningizni oladir va yana tiriltiradir va sizlar Unga qaytajaksizlar” (Baqara, 28-oyat).
Va yana “Agar sizga Alloh nusrat bersa, sizdan g‘olib keluvchi yo‘q. Agar sizni tashlab qo‘ysa, Undan o‘zga kim ham yordam berar edi?! Mo‘minlar faqat Allohgagina tavakkal qilsinlar!” (Oli Imron, 160-oyat). Bu oyatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri menga murojaat qilayotgandek edi.
- Musulmon bo‘lib, ibodat qilishni boshlaganingizdan so‘ng, taqdiringizga nisbatan qanday munosabatda edingiz? Hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonarmidingiz? Hamma narsani qabul qilishga tayyor edingizmi?
- Insonning e’tiqod turli bosqichlardan o‘tadi. Mening e’tiqodim ham vaqt mobaynida o‘sib-undi. Musulmon bo‘lgach, taqdirimga qalb xotirjamligi bilan qaraydigan bo‘ldim. Alloh meni sevishiga va men uchun nima yaxshi ekanini bilishiga ishonchim komil edi.
Oilam va kelajagim haqida qayg‘urib, qo‘rqqan paytlarim, ibodatdan kuch olardim. E’tiqodim kuchaygani sari, Allohdan o‘zimga kuch va sabr so‘rar edim.
- Hozir siz uchun butunlay boshqa hayot tarziga ega insonga aylanganingiz, hayotingizni butkul o‘zgartirib yuborgan tanlovingiz haqida qanday fikrdasiz?
- Islomni qabul qilishimdan oldinroq uning yagona to‘g‘ri yo‘l ekanini tushungan edim. Men allaqachon islomni qabul qilishga tayyor edim, lekin odamlar nima der ekan deb qo‘rqar edim. Men tez-tez Allohdan iymonimni kuchaytirishini va oldimda turgan sinovlarga meni tayyor tayyorlab qo‘yishini, odamlar tomonidan bo‘ladigan kamsitishlarga nisbatan sabrli bo‘lishimga muvaffaq qilishini so‘rardim.
- Hozir boshingizdan kelayotgan kamsitish va adovatlar bo‘lishini oldindan bilganmidingiz?
- Ha, albatta. Men bu narsani Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom va uning sahobalari hayotini o‘rganib, bilib olganman va bunga tayyorgarlik qila boshlaganman. Bilganmanki, musulmonlar har doim ta’qib qilinganlar.”
- Nima deb o‘ylaysiz, nega shunday?
- Chunki Islom – adolatsizlikka, pul kuchi bilan kun ko‘riladigan, korrupsiya va yolg‘onga asoslangan tizimga qarshi chiqadi. Bunday adolatsiz tizim uchun Islom haqiqiy xavfdir.
- Atrofingizdagilar sizning Islomni qabul qilishingizni salbiy qabul qilishdi, chunki ularning fikricha siz xohlagan joyingizga borish, xohlagan ishingizni qilish, xohlagan kiyimingizni kiyishni kabilardan voz kechib, “ozodligingizni olib qo‘yadigan, sizni erkak kishiga tobe’ qilib qo‘yadigan” dinni tanladingiz. Buni qanday izohlaysiz?
- Mustaqillik tushunchasi nisbiydir. Ko‘pchilikning fikricha, ayol kishi uchun mustaqil bo‘lish - tanasini ko‘rsatib yura olishi, o‘zi xohlagan kiyimlarni kiyishi. Biroq aslida o‘sha ayollar o‘zi xohlagan kiyimni emas, odamlar uning kiyishini xohlagan kiyimni kiyadi. Ilgari men mustaqilman deb o‘ylardim, lekin men har doim odamlar nima der ekan deb yashardim. Agar mustaqillik tanangizni kashf etishlari bo‘lsa, bunday jamiyatda nimadir juda qattiq darz ketgan. Men uchun hijob – mustaqillik timsoli. Ich-ichimdan sezaman, Alloh menga g‘ururimni va nomusimni ko‘tarish uchun uni kiyishni buyurdi, men bilaman, tanamni berkitsam, odamlar birinchi bo‘lib tanamga emas, qalbimga nazar solishadi. Mustaqillik men uchun shahvat ob’ektiga aylanib qolishdan saqlanishdir.
- Ayni damda kamroq ko‘chaga chiqadigan, kamroq ishlab va kamroq odamlar bilan ko‘rishadigan bo‘lib qolganmisiz?
- Tashqariga chiqsam, odamlar menga tikilib qarayotganini sezaman. Meni taniganlaridanmi yoki hijobim sabablimi, bilmayman. Menimcha ular meni italiyalik bo‘lib turib shunday kiyinishimdan hayratda qolishadi. Ammo bu meni ko‘p ham tashvishga solmaydi. Men o‘zimni mustaqil va Alloh tomondan himoyalangan his etaman.
- Ismingizni qanday tanlagansiz?
- Bir kuni tushimda Italiyada ekanman, metroga tushib ketayotgan emishman, metro kartamdagi ismim Aisha ekan...
- Siz ayni paytda, islomni qabul qilgandan keyingi Silviani oldingisidan yaxshiroq inson deb o‘ylaysizmi?
- Men endi ancha sabrliroqman, ota-onamga hurmatim ancha kuchli, ilgari har doim ham bunday bo‘lmagan, saxiyroqman va ancha rahmliman. Kimdir meni aldab ketsa ham, kamsitsa ham, ularga nisbatan nafrat yoki g‘azabni his qilmayman. Men ham ularga kamsitish bilan javob bermayman, balki ularni tushunishga harakat qilaman. U o‘zi ruhan qiynalgan bo‘lganidan shunday qilyapti deb o‘ylayman. Agar qo‘limdan kelsa, unga yordam berishim kerak deb hisoblayman.
- Italiya musulmon jamiyatidan nimalarni kutgan edingiz?
- Musulmonlar bilan tanishishni juda kutganman, lekin bu qiyin bo‘ladi deb o‘ylagandim. Rejam bo‘yicha, Via Padovadagi birorta do‘konga yoki islomiy qassobxonaga kiraman va “Assalamu alaykum”deyman. Odamlar meni tanib olishadi deb kutmagan edim. Men Ramazonni yolg‘iz o‘tkazsam kerak deb o‘ylagandim. Aksincha, ko‘plab sovg‘alar oldim, son-sanoqsiz xatlar qabul qildim va butun Italiyadagi musulmonlar meni qo‘llab quvvatlovchi La Luce videosini e’lon qildilar. Men lol qoldim va juda mamnun bo‘ldim.
- Sizni bu jamiyatdagi eng taajjublantirgan narsa nima?
- Dastlab men italiyalik musulmonlar bunchalik ko‘p deb o‘ylamagan edim. Asosan, misrlik, morokkolik, afrikalik musulmonlarni uchrataman deb o‘ylagandim, aksincha, birinchi bo‘lib italiyalik musulmonlar bilan ko‘rishdim va bu men uchun juda katta syurpriz bo‘ldi. Men musulmonlar o‘rtasidagi birdamlikni nafaqat Milanda, balki hamma joyda his qildim. Musulmon jamiyati men uchun xuddi ikkinchi oilamdek bo‘lib qoldi...
Tarjimon Murodjon Abdulloh
manba: azon.uz
