U23 Osiyo kubogi. Saudiya Arabistoni Osiyo chempioniga aylandi

U23 Osiyo kubogi. Saudiya Arabistoni Osiyo chempioniga aylandi

U23 Osiyo kubogi finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi bahs yakuniga yetdi.

Saudiyaliklar uchrashuvni keskin hujum bilan boshlagani kutilmagan hol bo‘ldi. Futbolchilarimiz raqibning bosimni bartaraf etishgach, tashabbusni o‘z qo‘llariga ola boshlashdi. Uyushtirilgan hujumlar paytida o‘yinchilarimiz so‘nggi pas yetishmadi. Boz ustiga, arab futbolchilari ham yaxshi himoyalanishdi.

23-daqiqada o‘tib borayotgan paytda Saudiya Arabistoni ilk ogohlik qo‘ng‘irog‘ini chaldi. Jaloliddinov to‘pni jarima maydoni atrofidan uzoqlashtirmoqchi bo‘lib, raqibga berib qo‘ydi. Natijada mehmonlar xavfli hujum tashkil qilishdi. Yaqin masofadan berilgan zarba yo‘liga Davronov o‘zini tashladi va xavfni bartaraf etdi.

Oradan 10 daqiqa o‘tib hisobni ochish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldik. 33-daqiqada Hoshimovning bosh bilan bergan uzatmasidan so‘ng Erkinov yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi. Ammo Hojimat to‘pni yuqoriga tepib yubordi. Mana shu hujum terma jamoamizning birinchi taymdagi eng xavfli vaziyati bo‘ldi.

Bahsning 39-daqiqasida esa darvozamiz oldida juda xavotirli vaziyatga yuzaga keldi. Saudiyalik darvozabon olis masofaga tepib yuborganidan keyin raqiblarimiz to‘pni egallab, jarima maydonimizga kirib kelishdi. Davronov esa raqibini "korpus" orqali yopishga urinib, uni yiqitdi. Qatarlik referi esa darvozamiz tomon penalti belgiladi. Ushbu vaziyatni VAR ko‘ra boshladi va darvozabon uzatma berayotganida hujumchi kichik ofsaydda bo‘lganini aniqladi. Shu orqali penalti bekor qilindi.

Bo‘limga qo‘shib berilgan 4-daqiqa o‘tib borayotganida esa to‘p darvozamizga kirishiga sal qoldi. Nazarov darvozani tashlab oldinga chiqqan paytda Ayman Yahyo bosh bilan zarba berdi. Vladimir ortga qaytib to‘pni qaytardi. To‘p darvozabonimizning qo‘li aralash ustunga tegdiyu, maydonni tark etdi. Voqealarga boy bo‘lgan bo‘limdan so‘ng hisob ochilmadi.

Saudiya ikkinchi bo‘limni ham faol boshladi va bu safar o‘z maqsadiga erishdi. Ahmad Mazen al-G‘amdiy 17 metrlardan zarba berishga erishdi va to‘pni yuqori burchakka joylab qo‘ydi.

Bu gol vakillarimiz uchun ruhiy zarba bo‘ldi va ular keyingi 15 daqiqa davomida o‘z o‘yinlarini yo‘qotib qo‘yishdi. Bahsning 73-daqiqasida O‘zbekiston raqib darvozasiga yo‘l topdi. Jaloliddinovning uzatmasidan keyin Jiyanov jarima maydoniga kirdi va darvozani ishg‘ol qildi. Ammo Ruslan ofsaydda qolgani uchun gol bekor qilindi.

Oradan bir daqiqa o‘tib esa ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. Saudlar maydon markazida to‘pni egallab Firas al-Braykanga yetkazishdi. Hujumchi jarima maydoni chizig‘i ustidan aniq zarba yo‘llab, darvozani ishg‘ol qildi.

So‘nggi daqiqalarda Jiyanov va Jo‘raqo‘ziyevda yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo zarbalarning birini darvozabon qaytargan bo‘lsa, ikkinchi zarbaga biroz aniqlik yetishmadi.

Shu tariqa, Saudiya Arabistoni o‘z tarixida ilk marta 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston esa ikkinchi o‘rin bilan cheklandi.

U23 Osiyo kubogi, final
O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni - 0:2 (0:0)
Gollar: Ahmad Mazen al-G‘amdiy (49), Firas al-Braykan (74)
O‘zbekiston - Vladimir Nazarov, Saidazamat Mirsaidov, Dostonbek Tursunov, Muhammadqodir Hamroaliyev, Hojimat Erkinov, Ulug‘bek Hoshimov, Jasurbek Jaloliddinov (S), Diyor Xolmatov, Alibek Davronov, Husayn Norchayev, Abdurauf Bo‘riyev
Saudiya Arabistoni: Navof Dahiy Al-Aqidiy, Hassan Tambaktiy, Ibrohim Mahnashiy, Ayman Yahyo, Hamid al-G‘amdiy, Firas al-Braykan, Ahmad Mazen al-G‘amdiy, Moteb al-Harbiy, Hamad al-Yamiy, Hussayn Iyso, Saud Abdulhamid
Bosh hakam: Salmon Ahmad Falahiy (Qatar)


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!