Pokiston, Kashmir va Nepalda to‘satdan suv toshqinlari 400 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi
Pokiston, Hindiston tomonidan boshqariladigan Kashmir va Nepalda kuchli yomg‘irlar sabab to‘satdan yuz bergan suv toshqinlari katta fojealarga olib keldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 400 dan oshdi.
Pokistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Xayber-Paxtunxva viloyatida oxirgi 48 soat ichida kamida 321 kishi halok bo‘ldi. Viloyatning bir nechta qishloqlari to‘liq suv ostida qoldi.
Kashmirda esa hodisa oqibatida kamida 60 kishi vafot etdi, 200 dan ziyod odam bedarak yo‘qolgani xabar qilinmoqda.
Nepalda esa vaziyat yanada og‘irlashmoqda. Mamlakat hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, toshqinlarda 41 kishi halok bo‘lgan, yana 121 kishi turli tan jarohatlari olgan.
Guvohlarning aytishicha, butun boshli qishloqlar vayron bo‘lib, ko‘plab odamlar loy va suv oqimlari ostida qolgan.
Mutaxassislar fikricha, global iqlim o‘zgarishi sabab Himolay mintaqasida musson mavsumi tobora xavfli tus olmoqda.
Hozirda qutqaruv ishlari olib borilmoqda. Biroq suv bosib qolgan yo‘llar, ko‘chkilar va yo‘llarning yo‘qolishi sababli jarayon juda qiyin kechmoqda.
