Dunyoda o‘z joniga qasd qilishlar soni kamaydimi?
Seuldagi Kyonxi universiteti Tibbiyot kolleji olimlari 1990 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda 102 ta davlatda o‘z joniga qasd qilish holatlarini o‘rganib chiqib, shunday xulosaga keldi, deb yozadi DW.
Nature Mental Health jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bu pasayish daromadi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 102 ta davlatda o‘z joniga qasd qilish darajasi o‘rtacha 29,9 foizga kamaydi: 1990 yildagi 100 ming kishiga 10,33 holatdan bu ko‘rsatkich 2021 yilda 7,24 taga tushgan. Olimlar bu o‘zgarishni Yevropada yoshlarning psixologik holatiga e’tibor kuchayishi va OAVda o‘z joniga qasd qilish mavzusiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish bilan bog‘lashmoqda.
54 ta yuqori daromadli mamlakatlarda vaziyat bundan ham yaxshiroq: 1990 yilda har 100 000 kishiga 12,68 holat to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2021 yilda (COVID-19 pandemiyasi davrida) bu ko‘rsatkich 32,1 foizga kamaygan holda 8,61 holatga tushdi. Past va o‘rta daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 7,88 holatdan 5,73 holatga tushdi. Biroq, tadqiqotchilarning ogohlantirishicha, ba’zi mamlakatlarda barcha holatlar qayd etilmagan bo‘lishi mumkin, shuning uchun bu raqamlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak, ayniqsa kambag‘al mamlakatlarda.
Tadqiqot guruhi 2050 yilga borib o‘z joniga qasd qilish darajasi asta-sekinlik bilan kamayib, har 100 000 kishiga 6,49 holatga tushishini taxmin qilmoqda.
Frayburg universiteti qoshidagi Tibbiy psixologiya va tibbiy sosiologiya instituti vakili Lasse Zanderning aytishicha, bu tendensiyalar boshqa tadqiqotlar natijalariga mos keladi. Biroq, u uzoq muddatli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan taqdirda ham, "ko‘rsatkichlar hali ham juda yuqori ekanligini unutmasligimiz kerak" deb ogohlantirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 700 mingdan ortiq odam o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etadi.
