Turkmanistonda to‘y-bazmlar bekor qilindi
Turkmaniston sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning onasi, amaldagi davlat rahbari Serdar Berdimuhamedovning buvisi O‘g‘ulobod Berdimuhamedova vafot etgani munosabati bilan mamlakatda 15 aprelga qadar barcha to‘y tadbirlari bekor qilindi va banket zallarining ishi to‘xtatildi. Bu haqda “Azatlik” xabar bermoqda.
O‘g‘ulobod Berdimuhamedova 7 aprel kuni 86 yoshida vafot etdi. Marhuma davlat lavozimlarida ishlamagan, kamdan-kam hollarda ommaga ko‘rinish bergan, shu bilan birga davlat matbuoti uning “milliy xazinani boyitishdagi” ulkan xizmatlari haqida yozmoqda.
“Olti nafar farzandini umuminsoniy g‘oyalar, o‘z ona yurtga muhabbat ruhida tarbiyalash, har tomonlama yetuk, obro‘-e’tiborli insonlar bo‘lib yetishishi uchun O‘g‘ulobod eje salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Milliy merosni bugungi davr ruhiga mos ravishda boyitish, xalqning o‘ziga xos an’analari davomiyligini ta’minlash, tikuvchilik san’ati haqidagi bilimlarni asrab-avaylash va keyingi avlodlarga yetkazishda O‘g‘ulobod ejening xizmatlari katta. Uning hayot yo‘li turkman ayollari uchun ibrat maktabidir”, — deb yozadi “Turkmenistan.ru”.
OAV yozishicha, hududlarda barcha ommaviy tadbirlar bekor qilingan.
Yo‘l harakati polisiyasi xodimlari haydovchilarga mashinalarida musiqa tinglashni taqiqlamoqda. Shaharlarda reklama monitorlari o‘chirilgan.
