Turkiya mudofaa vakillari O‘zbekistonda

Turkiya mudofaa vakillari O‘zbekistonda

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida «Turkiya Kurolli Kuchlarini zamonaviy harbiy mojarolarda, Afg‘oniston va Yaqin Sharqda yuzaga kelayotgan vaziyat sharoitida qo‘llash tajribasi» mavzusida halqaro harbiy-ilmiy anjuman o‘tkazildi.

Unda har ikki mamlakat Mudofaa vazirligi mas’ul ofiserlari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi, Turkiya Milliy mudofaa universiteti vakillari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi. Ta’kidlash kerakki, Turkiya Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlik rejasiga muvofiq tashkil etilgan ushbu tadbirning asosiy maqsadi zamonaviy harbiy mojarolarning xususiyatlari bo‘yicha ma’lumot va fikr almashish uchun maydon yaratish, ularda Qurolli Kuchlar bo‘linmalarini Turkiya armiyasi misolida qo‘llash tajribasini o‘rganishdan iborat.

Anjumanda dunyoda va mintaqada yuzaga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik hamda zamonaviy harbiy mojarolarda Turkiya Qurolli Kuchlarini qo‘llash tajribasi, harbiy mashg‘ulotlar mobaynida qo‘shinlarni boshqarish, ularning har tomonlama ta’minoti va jangovar tayyorgarlik tizimini takomillashtirishga doir ma’ruzalar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, Turkiya vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi, unda ikki mamlakat oliy harbiy ta’lim muassasalari bilan harbiy kadrlarni tayyorlash va pedagogik faoliyat bo‘yicha tajriba almashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Yalpi majlisdan so‘ng kunning ikkinchi yarmida anjuman ishi uchta mavzuviy sho‘’baga bo‘lingan holda davom etdi. Anjuman ishtirokchilari harbiy boshqaruv tizimi va ularning jangovar harakatlardagi ta’minotini tashkillashtirish bo‘yicha tajriba almashib, yangi bilimlarga ega bo‘ldi.

O‘zaro konstruktiv muloqot va qizg‘in muhokama ruhida o‘tgan anjuman doirasida Turkiya delegasiyasi vakillari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar, masofadan o‘qitish imkoniyatiga ega bo‘lgan mavzuviy sinflar, axborot-resurs markazi va akademiya muzeyidagi osori-atiqalar bilan yaqindan tanishdi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!