Turkiya kompaniyasi O‘zbekistonda yana bitta 400 megavattli IES qurish taklifini bildirdi

Turkiya kompaniyasi O‘zbekistonda yana bitta 400 megavattli IES qurish taklifini bildirdi

Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ikkita xorij energetika kompaniyasi rahbarlari bilan yangi loyihalarni muhokama qildi.

Dastlab vazir Turkiyaning Cengiz Enerji kompaniyasi ijrochi direktori Ahmet Jengiz bilan uchrashgan. Tomonlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qo‘shma loyihalarda erishilgan yutuqlar hamda mamlakat energetika sohasini rivojlantirishda investisiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqqan.

Turkiya kompaniyasi rahbari hamjihatlikda olib borilgan ishlar muvaffaqiyatini ta’kidlab, kompaniya elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi investisiya loyihalari portfelini kengaytirish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Shu tariqa, Jizzax viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini ishga tushirish loyihasi taklif etilgan. Ushbu tashabbus yiliga 286 million kub metr gazni tejash imkonini beradi, bu esa pulga chaqilganda 103 million AQSh dollariga teng.

Ma’lumot o‘rnida, Cengiz Enerji 2000 yilda tashkil topgan bo‘lib, elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash, tabiiy gaz savdosi va taqsimoti, tabiiy gazda ishlaydigan kombinasiyalashgan elektr stansiyalarini qurish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Hozirda kompaniya energetika sohasida umumiy quvvati 5000 MVt bo‘lgan 9 ta foydalanishga topshirilgan va 4 ta qurilayotgan loyihani boshqaradi.

2022 yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Chengiz Enerji tomonidan O‘zbekistonda qurilgan birinchi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirgan edi. Quvvati 240 megavattga teng stansiya Toshkent viloyatida qurilgan bo‘lib, u iyun oyidan boshlab to‘liq kuchda ishlay boshladi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 220 megavattli issiqlik elektro stansiyasi qurilishiga ramziy start bergan. Loyiha oktyabr oyida foydalanishga topshirilgan, yil oxirida esa loyihada ijobiy natijalarga erishilgan edi.

Bundan tashqari, dekabr oyida Cengiz Enerji Sirdaryoda quvvati 450 megavattli yana bitta IES qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Jizzax viloyatida bunyod etiladigan elektr stansiya kompaniyaning respublikadagi to‘rtinchi loyihasiga aylanadi.

Shu bilan birga, Qudratov Qatarning Nebras Power kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Faysal Obayd al-Siddiqiy bilan ham muzokaralar o‘tkazgan. Tomonlar Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 3,1 GVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni tayyorlash jarayonini ko‘rib chiqqan.

Nebras Power kompaniyasi 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Dohada (Qatar) joylashgan. Kompaniya energetika va suv sanoatida loyihalarni amalga oshirib keladi. Aktivlari 2,3 milliard dollar, xodimlar soni 600 dan ortiq kishini tashkil qiladi. Kompaniya dunyoning 8 dan ortiq mamlakatlarida faoliyatini olib boradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!