Turkiston alohida maqomga ega bo‘ldi

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev “Turkiston shahrining alohida maqomi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur hujjat asosida bu qadim kent mamlakatning ma’naviy, tarixiy, madaniy, sayyohlik markazi va me’moriy merosi sifatida e’tirof etilgan.
Ushbu tashabbus tarixiy-madaniy meros va milliy hunarmandlikni asrab-avaylash, tiklash, yagona uslub – me’moriy qiyofani ifodalash uchun dizayn kodeksini joriy etish, muhofaza qilinadigan hududda qurilishni taqiqlash, shaharning tarixiy o‘ziga xosligini saqlab qolish, shu bilan birga turizmni rivojlantirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Turkistonni “Ikkinchi Makka” deyishadi. Turkiy xalqlar orasida alohida o‘rin egallagan mazkur shaharda Temuriylar saltanati sarkardasi va asoschisi Sohibqiron Amir Temur davriga oid binolar mavjud. Tarixiy obidalar YUNESKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.