Tunis qirg‘oqlarida muhojirlar bo‘lgan ikkita qayiq cho‘kib ketdi
Tunis janubiy qirg‘oqlarida bir sutkada muhojirlar bo‘lgan ikkita qayiq cho‘kib ketdi: to‘rt kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi, deya xabar beradi Anadolu.
Sfaks shahar sudi vakili Fevzi Mesmudi jurnalistlarga qayiqlarda Afrika davlatlaridan kelgan muhojirlar borligini aytdi.
Unga ko‘ra, Sfaks shahridan 35 mil uzoqlikda qayiqlardan biri ag‘darilib ketgan, 17 kishi qutqarilgan.
«20 nafar muhojir izsiz g‘oyib bo‘ldi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda», – dedi sud vakili.
Ikkinchi qayiqda 43 nafar noqonuniy muhojir bo‘lgan, ulardan 36 nafari qutqarilgan, to‘rt nafar jasad qutqaruvchilar tomonidan suvdan chiqarilgan, uch nafari bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.
Har yili Afrikadan minglab noqonuniy muhojirlar yaxshiroq hayot izlab Tunisga keladi. Maqsad - O‘rta er dengizi orqali Yevropaga yetib borish.
Tunisdagi qochqinlar lagerlarida yashovchi ba’zi muhojirlar Yevropaga yetib boradi, ko‘plari dengizda halok bo‘lishadi.
