Armanistonda saylov ovozlari qayta sanaldi
Armaniston Markaziy saylov komissiyasi 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalari bo‘yicha qayta hisoblash ishlarining dastlabki yakunlarini e’lon qildi.
Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha faoliyat yuritgan 2005 ta saylov uchastkasidagi ovoz berish natijalaridan 637 tasi qayta sanab chiqilgan. Bu umumiy uchastkalarning qariyb uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladi.
Qayta hisoblash natijasida Rossiyaga moyil deb baholanayotgan «Kuchli Armaniston» muxolifat blokining natijasi 508 ta ovozga oshgan va jami 340 088 ta ovozni tashkil etgan. Ushbu siyosiy kuchga arman millatiga mansub rossiyalik milliarder Samvel Karapetyan rahbarlik qiladi.
Shuningdek, tadbirkor Gagik Sarukyan yetakchilik qilayotgan «Farovon Armaniston» partiyasi natijasiga 147 ta ovoz qo‘shilib, umumiy ko‘rsatkich 58 378 taga yetgan.
Bosh vazir Nikol Pashinyan rahbarligidagi hukmron «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi ham qayta hisoblashdan keyin 1148 ta qo‘shimcha ovoz olgan va umumiy natija 727 820 ta ovozga yetgan.
Sobiq prezident Robert Kocharyan boshchiligidagi «Armaniston» bloki esa 217 ta qo‘shimcha ovoz bilan 145 113 ta ovoz to‘plagan.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lum qilishicha, qayta hisoblash jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklar soni 1279 tadan 1509 taga yetgan. Biroq haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni 17 097 tadan 16 238 taga kamaygan.
Shuningdek, 12 iyun kuni komissiya uchta saylov uchastkasidagi ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topgan. Saylovning yakuniy natijalari 14 iyun kuni rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.
Ovozlarni qayta sanash jarayonini parlament saylovlarida ikkinchi o‘rinni egallagan «Kuchli Armaniston» bloki talab qilgan.
Blok rahbari Samvel Karapetyan saylovlarni «sharmandali» deb atab, ovoz berish jarayonida qator qonunbuzilishlar sodir etilganini iddao qilgan.
Ma’lumot uchun, Karapetyan o‘tgan yildan buyon davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rish aybi bilan uy qamog‘ida saqlanmoqda. U mazkur ayblovlarni siyosiy bosim sifatida baholab keladi.
