Tramp «yangi G‘azo» uchun Fors ko‘rfazi davlatlaridan pul talab qilmoqda

AQSh Prezidenti Donald Tramp G‘azoni o‘z nazoratiga olib, uni «Yaqin Sharq Riverasi» ga aylantirish rejasini ilgari surishda davom etmoqda. Uning taklifiga ko‘ra, falastinliklar qo‘shni davlatlarga ko‘chirilishi, G‘azo hududida esa jahon darajasidagi kurort barpo etilishi kerak. Ammo Trampning fikricha, bu loyihani AQSh emas, balki neftga boy Fors ko‘rfazi monarxiyalari moliyalashtirishi lozim.
Middle East Eye nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA ga bosim o‘tkazib, ularni falastinliklarni ko‘chirish va G‘azoni tiklash uchun mablag‘ ajratishga majbur qilmoqda.
«Vashingtondan xabar aniq: "Siz AQShdan endi hamma narsani shunchaki bepul ololmaysiz", — deya Tramp ma’muriyatidagi manbadan iqtibos keltiradi nashr.
AQSh va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘zaro chuqur harbiy va iqtisodiy manfaatlarga ega. Vashington Qatar, Bahrayn va Quvaytda harbiy bazalarga ega bo‘lsa, Saudiya Arabistoni va BAA AQSh qurol-yarog‘ining eng yirik xaridorlaridan hisoblanadi. Shu bilan birga, AQSh arab neftiga qaram, arab davlatlari esa Amerika iqtisodiyotiga milliardlab dollar sarmoya kiritadi.
Oq uy aynan shu aloqalardan foydalanib, ittifoqchilarni «yangi G‘azo sektoriga» sarmoya kiritishga majbur qilmoqchi. Falastinliklarni ko‘chirish uchun mablag‘ ajratgan taqdirda, Fors ko‘rfazi davlatlariga G‘azo qirg‘og‘ini qurish va rivojlantirish bo‘yicha foydali kontraktlar taklif qilinishi mumkin.