Tramp: Kanadani anneksiya qilish ajoyib g‘oya
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Kanada Amerikaning 51-shtatiga aylanishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kanadaliklarga soliq va mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada tejash imkonini beradi.
«Hech kim javob bera olmaydi, nima uchun biz Kanadaga yiliga 100 million dollardan ortiq subsidiya beramiz? Bu ma’nosiz! Ko‘pgina kanadaliklar Kanadaning AQShning 51-shtatiga aylanishini xohlashadi. Bu ularga soliqlar va harbiy himoyani sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Menimcha, bu ajoyib g‘oya. 51-shtat!» dedi Tramp.
Kanadaning qo‘shilish g‘oyasi mamlakatlar o‘rtasidagi savdo va migrasiya nizolari kontekstida paydo bo‘ldi. Dekabr oyi boshida Tramp Ottavani migrantlarni nazorat qila olmayotganlikda va savdo kamomadini oshirayotganlikda ayblagan edi. U Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoga ushbu muammolarni hal qilishni yoki Kanada tovarlariga 25% tariflarni qo‘yishni taklif qildi.
Tryudo, manbalarga ko‘ra, asabiy kulgi bilan javob berdi va bunday choralar Kanada iqtisodiyotini yo‘q qilishi mumkinligini ta’kidladi.
Kanadaning Ontario provinsiyasi rahbari Dag Ford AQShga qattiq bayonot berib, agar Vashington Kanada tovarlariga 25 foizlik boj joriy qilsa, Amerika shtatlariga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatishga va’da berdi.
Fordning so‘zlariga ko‘ra, Kanada o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun ekstremal choralar ko‘rishga tayyor.
«Biz Michigan, Nyu-York va Viskonsinda elektr energiyasini uzishimiz mumkin. Bu oxirgi chora, lekin men Ontarioni va barcha kanadaliklarni himoya qilishim kerak», dedi u.
Kanada Bosh vaziri o‘rinbosari Kristia Friland mamlakat AQShning nohaq tariflariga javob tayyorlashini qo‘shimcha qildi. Xususan, gap Amerikaga metallar va muhim foydali qazilmalarni eksport qilishga cheklovlar haqida bormoqda.