Koreya voni kursi 15 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushdi
19 dekabr kuni ertalab Koreya birjasining ochilish vaqtida milliy valyuta kursi 1 dollar uchun 1453 vonni tashkil etib, avvalgi savdolarga nisbatan 17,5 vonga pasaydi, deya xabar beradi Yonhap.
Bu jahon moliyaviy inqirozi avj olgan 2009 yil 16 martdan beri Koreya vonining eng past ko‘rsatkichi hisoblanadi.
3 dekabr kuni mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingandan so‘ng milliy valyuta dollarga nisbatan sezilarli darajada zaiflashdi. Uning 19 dekabrdagi yangi keskin pasayishi AQShda asosiy foiz stavkasi 0,25% ga — 4,25 dan 4,50% gacha pasayishi bilan bog‘liq.
Avvalgi stavkaning 0,25 foizga pasayishi noyabr oyida sodir bo‘lganlb. Bir kun avval Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, rejalashtirish va moliya vaziri Chxve San Mok agar AQShda foiz stavkasi pasaytirilsa, qisqa muddatli istiqbolda valyuta bozoridagi o‘zgaruvchanlik kuchayishini taxmin qilgandi.
Koreya Banki boshqaruvchisi Li Chxan Yonning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar milliy valyuta kursi bir dollar uchun 1430 von darajasida saqlanib qolsa, inflyasiya taxminan 0,05 foizga oshadi.
3 dekabrdagi harbiy holatning salbiy iqtisodiy ta’sirini hisobga olgan holda Koreya banki chorshanba kuni joriy va kelgusi yil uchun o‘zining iqtisodiy o‘sish prognozlariga nisbatan xavf-xatarlar mavjudligini ta’kidladi. Dekabr oyida von dollarga nisbatan 3,9 foizga zaiflashdi.
Yil boshidan buyon 11 foizga pasaygan von bu yilning eng yomon ko‘rsatkichiga ega Osiyo valyutasi bo‘lib turibdi.
Mahalliy valyutaga bosimni yengillashtirish maqsadida mamlakat moliya regulyatori payshanba kuni mahalliy banklardan valyuta operasiyalari va kreditlarni moslashuvchan tartibda boshqarishni so‘radi.