Rossiya Ukrainaga havo hujumlarini uyushtirdi
Rossiya bugun, 21 noyabr kuni ertalab Ukrainaga raketalar bilan hujum qildi. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Harbiy-havo kuchlari ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Kiyev viloyati, Dnepr, shuningdek, Poltava viloyatining Kremenchug shahri yo‘nalishida bir nechta raketalar uchgan.
Taxminlarga ko‘ra, X-101 qanotli raketalari Tu-95 samolyotlari tomonidan Engels hududida uchirilgan. Birinchi raketalar mamlakat havo hududiga mahalliy vaqt bilan taxminan 6:30 da kirib kelgan.
Bundan tashqari, Ukraina harbiy-dengiz kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Qora dengizda jami 28 tagacha raketasi bo‘lgan 5 ta “Kalibr” raketa tashuvchisi bo‘lgan.
Ukraina bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi.
Ukraina Telegram kanallari Kiyevda, shuningdek, Kiyev, Odessa, Dnepropetrovsk, Chernigov va Donesk viloyatlarida favqulodda elektr ta’minotida uzilishlar joriy etilayotgani haqida xabar tarqatdi. Buning raketa zarbasi bilan bog‘liqligi tushuntirilmagan.
Oradan bir yarim soat o‘tgach, Ukrainaning g‘arbiy viloyatlarida, shuningdek, Kiyevda signalizasiya bekor qilindi. Mamlakatning qolgan qismida xavf saqlanib qolgan.
Dnepropetrovsk viloyati ma’muriyati Dneprga raketa hujumi sodir etilgani haqida xabar berdi. Viloyat ma’muriyati rahbari Sergey Lisak Dneprdagi sanoat korxonasiga yetkazilgan zarar va ikkita yong‘in haqida ma’lum qildi.
Ukraina AQShning roziligi bilan 19 noyabr kuni Rossiyaning Bryansk viloyatiga uzoq masofali ATACMS raketalari bilan hujum qilganidan so‘ng Rossiya Federasiyasidan ommaviy javob zarbalari berilishi kutilgan edi. Bu orada Ukrainadagi bir qator davlatlarning elchixonalari, jumladan, AQSh elchixonasi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘z faoliyatini to‘xtatdi, ammo bugun, 21 noyabr kuni Amerika diplomatik missiyasi o‘z ishini tikladi.