Tramp Eronga qarshi yangi keng ko‘lamli zarbalar haqida ma’lum qildi
Donald Tramp yaqin soatlarda Eron hududiga qarshi yangi keng ko‘lamli hujumlar amalga oshirilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi zarbalar 10 va 11 iyun kunlari davom etadi.
Tramp bu qarorni Ummon sohillari yaqinida AQShning AH-64 Apache vertolyoti urib tushirilganiga javob sifatida izohladi.
“Biz kecha ularga qattiq zarba berdik. Bugun ham ularga qattiq zarba beramiz. Menimcha, bunga haqqimiz bor. Ular aql bovar qilmas darajadagi texnikani urib tushirishdi”, — dedi Tramp jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Vashington va Eron o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi amalda to‘liq kelishib olinganini ta’kidladi.
“Ular faqat hujjatni imzolashlari kerak. Biz ishlaydigan kelishuvni xohlaymiz. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Biz kelishuvga juda yaqinmiz”, — dedi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, 8 iyun oqshomida Ummon sohillari yaqinida Apache vertolyoti halokatga uchragan edi. Hodisada ikki uchuvchi qutqarib qolingan. AQSh tomoni voqeada Eronni ayblagan.
10 iyun kuni AQSh kuchlari vertolyot halokatiga javob sifatida Erondagi nishonlarga zarbalar berganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Islom inqilobi muhofizlari korpusi Bahrayn, Quvayt va Iordaniyadagi AQSh harbiy ob’ektlariga zarbalar berilganini e’lon qildi.
Shu tariqa, AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik yangi bosqichga o‘tayotgani haqidagi xavotirlar kuchaymoqda, bir vaqtning o‘zida Tramp diplomatik kelishuv hali ham mumkinligini ta’kidlamoqda.
