2026 yilning eng abjir “shunqorlari” aniqlandi
“Yoshlar oyligi” doirasida joriy yilning 4–6 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur o‘yinlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlarni Vatanga sadoqat va yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqtirish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirishdan iborat.
“Chirchiq” dala o‘quv maydonida o‘tkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda istiqomat qilayotgan 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar yoshdan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlarda ishtirok etdi.
“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa a’zolarining O‘zbekiston tarixi bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, “Saf qo‘shig‘i” va “Biz — bir jamoamiz!” ko‘rik-tanlovlari tashkil etildi.
“Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomati qismlarini ajratish va qayta yig‘ish, shuningdek, gaz niqobini kiygan holda belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar.
“Sport bloki”da ishtirokchilar duatlon, 100 metrga yugurish va turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdilar.
Bellashuvlar davomida yoshlarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi, shijoati va harbiy xizmatga qiziqishi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Do‘stona ruhda, ayni paytda shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichida Toshkent viloyati jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi sohibiga aylandi.
Ikkinchi o‘rin Navoiy viloyati, uchinchi o‘rin esa Andijon viloyati jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar a’zolari “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Eng e’tiborli jihati shundaki, uch kun davom etgan mazkur harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichi yakunlariga ko‘ra, joriy yilda ham 7 nafar yigit va qiz 3-sport razryadiga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, musobaqalar doirasida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov bilan ochiq muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Samimiy ruhda kechgan suhbat davomida “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalarida yoshlar uchun turli kasb-hunarlarni egallash, shuningdek, sportning texnik va amaliy turlari bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, respublika miqyosida muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatanparvarlik — oliy maqsadimiz!” konseptual g‘oyasi asosida yoshlarni birlashtirish va ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
2025 yil mart oyida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda qator vazirlik va idoralar o‘rtasida imzolangan “Harbiy-vatanparvarlik spartakiadasi doirasida yoshlar o‘rtasida harbiy-sport musobaqalari va huquqiy tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorga muvofiq, mazkur o‘yinlarning tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlari o‘tkazilishi belgilangan.
Yana bir muhim ma’lumot: “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining bayrog‘i va emblemasi yaratilgan bo‘lib, uning asosiy ramzi sifatida shunqor qushi tanlangan. Bu bejiz emas. Chunki shunqor lochinsimonlar oilasiga mansub kuchli, chaqqon va abjir qush hisoblanadi. U ko‘chma ma’noda mard, jasur va irodali insonga nisbatan ham qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati.
