Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

Iyul oyi oxirida Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norovning MDH tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Vladimir Norov «doimiy geosiyosiy notinchlik, xalqaro munosabatlarning tubdan o‘zgarishi, beqarorlik va noaniqlik omillarining kuchayib borishi, mahalliy darajadagi qurolli to‘qnashuv o‘choqlarining keskinlashishi, terroristik kuchlarning faolligi va ekologik muammolarning vayronkor oqibatlarining ortib borayotganini» ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu inqirozli vaziyatlar butun MDH hududiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, mintaqadagi tinchlik va xavfsizlik, siyosiy barqarorlik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi tahdidlarni keltirib chiqarmoqda.

Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Norov bugungi voqelikni hisobga olgan holda MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor ahamiyatga ega yo‘nalishlarini qayd etib o‘tgan.

Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi Shartnomaning salohiyatidan foydalanish, yaqin fursatlarda xizmatlarning erkin savdo-sotig‘i to‘g‘risida bitimni imzolashga erishish, tovar va xizmatlar harakatlanishi yo‘lida qolayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, o‘zaro savdo-sotiqni raqamlashtirish, transport-tranzit kommunikasiyalarini takomillashtirish, o‘zaro investisiyalarni hamda korxona va mintaqalar o‘rtasidagi kooperasiya aloqalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatni davom ettirish lozim.

Shu bilan birga, u hamkorlarni 2022 yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Sanoat kooperasiyasi va MDH Mintaqalararo hamkorlik forumlarining o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Vladimir Norov MDH hududida, birinchi o‘rinda «Shimol—Janub» yo‘nalishidagi mintaqalararo va transkontinental transport yo‘laklari tizimini, shu jumladan, Termiz— Mozori-Sharif—Qobul—Peshavor yo‘nalishidagi temir yo‘lini diversifikasiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishni muhim deb hisoblaydi.

«Afg‘onistonga to‘xtalganda, afsuski, xalqaro hamjamiyatning ushbu mamlakatdagi vaziyatga e’tibori susayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni paytda u yerdagi vaziyat og‘ir iqtisodiy inqiroz va qiyin gumanitar vaziyat keskinligicha qolib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolmoqda», — deydi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!