Qul savdosi: O‘zbekiston BMT rezolyusiyasini qo‘llab-quvvatladi
BMT Bosh assambleyasi transatlantik qul savdosini «insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat» deb e’tirof etuvchi rezolyusiyani qabul qildi. Hujjatni 123 davlat, jumladan O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.
Rezolyusiya tashabbuskori Gana bo‘lgan. Hujjatga AQSH, Isroil va Argentina qarshi ovoz bergan, yana 52 davlat, jumladan Buyuk Britaniya va YEI mamlakatlari betaraf qolgan.
Hujjat mualliflari bu qadam jabrlanganlar avlodlari uchun tarixiy e’tirof, tiklanish va adolatni ta’minlash yo‘lida muhim bosqich bo‘lishiga umid qilmoqda.
Rezolyusiya a’zo davlatlarni qul savdosida ishtirok etgani uchun rasmiy uzr so‘rash imkoniyatini ko‘rib chiqishga, shuningdek reparasiyalar (davlatning boshqa davlatga yetkazgan zararini pul bilan yoki boshkacha shaklda qoplashi) jamg‘armasiga hissa qo‘shishga chaqirgan. Biroq aniq miqdorlar ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, Bosh Assambleya qarorlari majburiy yuridik kuchga ega emas, balki xalqaro hamjamiyat pozisiyasini aks ettiradi.
Gana prezidenti Jon Maxama bu hujjatni «unutilmaslik kafolati» va millionlab odamlar azobini tan olish sifatida baholadi.
Ayrim davlatlar hujjatdagi ayrim formulirovkalarga qarshi chiqqan. AQSh va Buyuk Britaniya vakillari ayrim tarixiy fojialarni boshqalaridan ustun qo‘yish mumkin emasligini ta’kidlab, reparasiyalar uchun huquqiy asoslarni shubha ostiga olgan. AQSh tomoni o‘tmishda qonunga zid hisoblanmagan voqealar uchun kompensasiya to‘lash bo‘yicha huquqiy majburiyatlarni tan olmasligini bildirgan.
Shuningdek, rezolyusiyada koloniya davrida olib ketilgan madaniy boyliklarni qaytarish masalasi ham ko‘tarilgan. Gana va boshqa Afrika davlatlari bunday artefaktlarni o‘z mamlakatlariga qaytarishni talab qilmoqda. Bu masala, reparasiyalar kabi, yaqin yillarda xalqaro darajada faol muhokama qilinishi kutilmoqda.
