San’atkorlar uchun yangi soliq tartibi joriy etilishi mumkin
O‘zbekistonda san’atkor va boshlovchilar har bir to‘y yoki konsert uchun soliq to‘lashi shart bo‘lishi mumkin. Adliya vazirligi tegishli qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan ijrochilar va ijodiy jamoalar ko‘rsatadigan barcha xizmatlar “Soliq” mobil ilovasi orqali majburiy tarzda ro‘yxatga olinadi.
Xizmat ko‘rsatish joyi, sanasi va qiymati haqidagi ma’lumotlar kiritilgandan so‘ng belgilangan to‘lov amalga oshiriladi va avtomatik ravishda elektron ma’lumotnoma shakllantiriladi.
2026–2029 yillar davomida jismoniy shaxslar daromad solig‘ini “bir xizmat – bir to‘lov” tamoyili asosida qat’iy belgilangan miqdorlarda to‘lash tartibi amal qiladi. Bu tartib mehnat shartnomasi asosida ishlovchi ijrochilarga tatbiq etilmaydi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1 sentyabrdan konsert faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar uchun aylanmadan olinadigan soliq bekor qilinadi.
Yangi tizimga ko‘ra, mobil ilovada ma’lumot kiritmaslik yoki belgilangan to‘lovni amalga oshirmaslik lisenziya talablarini qo‘pol ravishda buzish sifatida baholanadi. Bunday hollarda ijrochilarga shartnoma qiymatining 20 foizigacha, ammo bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda (8,240 mln so‘m) jarima qo‘llanadi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanishi nazarda tutilgan.
2029 yil 1 yanvardan boshlab esa konsert xizmatlaridan olingan daromadlarga soliq stavkasi shartnoma qiymati asosida hisoblanadi. Soliq hisob-kitoblari, ushlab qolish va byudjetga o‘tkazish jarayonlari soliq organlari tomonidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Shuningdek, mobil ilovada quyidagi qo‘shimcha imkoniyatlar joriy etiladi:
xizmatlar bo‘yicha shartnomalarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish;
tadbirlarni elektron tarzda band qilish;
elektron to‘lovlarni amalga oshirish;
ijrochilar xizmatlari bo‘yicha o‘rtacha narxlar katalogini shakllantirish;
ijrochilarning prays-listlarini ochiq e’lon qilish.
Yangi tizim doirasida ijrochilar uchun reyting tizimi ham joriy etilib, ularning soliq intizomi va shartnomalarni bajarish ko‘rsatkichlari baholanadi.
Qolaversa, 2029 yildan boshlab konsert-tomosha xizmatlarini faqat naqdsiz to‘lov asosida amalga oshirish taklif etilmoqda.
