Toshkentda 30 yoshli erkak 9 yilu 1 oyga "kesildi". Sababi ma’lum

Toshkentda 30 yoshli erkak 9 yilu 1 oyga "kesildi". Sababi ma’lum

Tahlillar so‘nggi yillarda fuqarolar o‘rtasida firibgarlik holatlari ko‘payganini ko‘rsatmoqda. Aslida birovni aldash gunoh. Qonun nuqtai nazaridan qaraganda esa jinoyat hisoblanadi. Yaqinda sudda shunday ish ko‘rib chiqildi.

Endigina 30 yoshga kirgan J. To‘rayev firibgarlikni “kasb” qildi. U o‘zini tadbirkor deb ko‘rsatib, odamlarni chuv tushirishni odat qildi. Sudning hukmi bilan unga bir necha marta sinov muddati berilgan. So‘ng esa ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmadi. J. To‘rayev o‘tgan yilning 15 fevralida Yakkasaroy tumanida joylashgan kafelarning birida fuqaro B. Xalilovga “Spark” rusumli avtomashinani bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olib berishni va’da qiladi. Biroq u va’dasini bajarmagan. Pullarni esa o‘zining ehtiyojiga sarflab yuborgan.

Shu o‘rinda jabrlanuvchining suddagi ko‘rsatmasini keltirsak: – Kafeda ofisiant bo‘lib ishlardim. 2022 yilning yanvar oylarida kafega bir mijoz keldi. U bilan

bir necha marta suhbatlashdim. J. To‘rayev o‘zini mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan tadbirkor sifatida tanishtirdi. Fevral oyining boshlarida men unga mashina sotib olish uchun pul yig‘ib yurganimni aytdim. Shunda u “sizga yordam qilaman, xohlasangiz “Spark” olib beraman”, deya 1 000 AQSh dollari oldi. Meni ishontirish uchun pasportimning nusxasiga 1 000 AQSh dollar olganligi haqida tilxat yozib berdi. O‘zaro kelishuvimizga binoan men har oyda 300 dollardan berib turishim kerak edi. Xullas, 10 000 AQSh dollari berganimdan keyin “Spark”ni mening nomimga o‘tkazib berishi kerak edi. Biroq u va’dasini bajarmadi. “Bugun-erta”, deya aldadi. Oradan biroz vaqt o‘tib, telefon apparatini ham o‘chirib qo‘ydi. Shundan keyin pullarni qaytarib olish maqsadida ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qildim. Bugungi kunda J. To‘rayevning oila a’zolari tomonidan moddiy zarar qop­langan. Shu sababli J. To‘rayevga nisbatan hech qanday da’voyim yo‘q.
Sud J. To‘rayevga jazo belgilashda barcha jihatlarni e’tiborga oldi.

Unga Jinoyat kodeksining tegish­li moddasi tartibida Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2022 yil 13 dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 9 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Alisher JALILOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!