Toshkent xalqaro kinofestivali yakunida qator mahalliy va xorijlik kinoijodkorlar taqdirlandi

Toshkent xalqaro kinofestivali yakunida qator mahalliy va xorijlik kinoijodkorlar taqdirlandi

«Ipak yo‘li durdonasi» XV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali yopilish marosimi, 2-oktabr kuni Samarqand shahridagi «Boqiy shahar» majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Yopilish marosimidan avval jahon va O‘zbekistonga mashhur kinoyulduzlar maxsus tashkil etilgan qizil yo‘lakdan o‘tdi. Tadbirda 400 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va kinooperatorlar, prodyuser va kinotanqidchilar, kinoshunos olimlar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda fransiyalik mashhur aktyor, o‘zbek tomoshabinlariga «Taksi» filmidagi roli bilan tanish bo‘lgan Sami Naseri, «Etti», «Amerikancha go‘zallik» filmlari bilan mashhur bo‘lgan amerikalik Kevin Speysi ham qatnashdi. Tadbir Speysining nutqi bilan boshlandi.

Shundan so‘ng, qatnashchilar uchun Samarqand shahri haqida tayyorlangan video namoyish etildi. Shuningdek, «Matonat» hujjatli filmi rejissyori Shuhrat Mahmudov va «Samarqandda qovun tarovati» kinokartinasi rejissyori Ali Hamroyevlar taqdirlandi.

Keyin esa Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqdi va barchani omadli o‘tkazilgan yana bir festival bilan tabrikladi. Tadbir davomida Jahon kinosi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun rejissyorlar rossiyalik Aleksandr Sokurov, gruziyalik Irakliy Kvirikadze va italiyalik Piyetro Marchellolar taqdirlandi.

Marosim yakunida Markaziy Osiyo filmlari tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi. Unga ko‘ra Tojikistonning «Fortuna» filmi Festival direksiyasining maxsus sovriniga, qozog‘istonlik rejissyor Maksim Akbarovning «Sahro» kinokartinasi eng yaxshi debyut nominasiyalariga loyiq ko‘rildi. Eng yaxshi aktyor Dastan Aybek («Shuvoq hidi»), eng yaxshi aktrisa Talaaykan Abazova («Esimda»), eng yaxshi rejissyor esa Darxon Tulegenov («Aka-ukalar») deb topildi. Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti Adilxan Erjanovning «Ademokaning sabog‘i» filmiga nasib etdi. Eng yaxshi film nominasiyasida o‘zbekistonlik rejissyor Shokir Xoliqovning «Yakshanba» filmi g‘olib bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!