Toshkent viloyati uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilinadi
Toshkent viloyatida jamoat transportini yaxshilash maqsadida 1000 ta yangi avtobus xarid qilinishi rejalashtirildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Zoir Mirzayev 16 oktyabr kuni o‘tkazilgan “hokimlik soati”da Toshkent viloyatida transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Transport boshqarmasi aholi vakillarining fikrini o‘rgangan holda, barcha shahar va tumanlardan viloyatning ma’muriy markazi Nurafshon shahri va poytaxtga yangi qatnov liniyalarini ishga tushiradi. Bu yangi tashkil etilayotgan jamoat transport yo‘nilishlarining markazida Nurafshon shahri turishi lozimligi alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda kambag‘allikka qarshi kurashish, mehnat migrantlari bilan ishlash bundan buyon Toshkent viloyatida mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilangani ham ta’kidlandi.
Endilikda har bir shahar va tuman hokimi kuniga kamida 20 nafar mehnat migranti bilan onlayn muloqot qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda migrasiyada yurgan xotin-qizlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva rahbarligida maxsus shtab tashkil qilinadi.
Bu shtab a’zolari har bir xotin-qiz bilan shaxsan suhbatlashadi, mehnat sharoitlari, ijtimoiy-huquqiy muammolarini o‘rganadi va ularing xohishlariga ko‘ra, O‘zbekistonga qaytarish, iqtisod kompleksi orqali ishga joylashtirish chorasi ko‘riladi.
Toshkent viloyatida bugungi kunda 3 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududda 1025 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Qiyoslash uchun, xuddi shuncha aholi salmog‘iga ega boshqa viloyatlarda mahallalar soni ancha kam. Quyi tizimda ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ijro apparati xodimlari sonini qisqartirish maqsadida, viloyatda mavjud MFYlar soni qisqartiriladi.
Shu maqsadda viloyatdagi barcha MFYlar joylashuvi, aholi salmog‘i jihatidan qayta ko‘rib chiqiladi. Yig‘ilishda bu boradagi tashkiliy ishlarni boshlashni, vaziyatni tanqidiy o‘rganish va taklif berish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.