Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan chiqadigan chiqindilar qayerda ko‘miladi?

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan chiqadigan chiqindilar qayerda ko‘miladi?

2018 yil 10 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlari guruhi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasini Toshkent shahar va Toshkent viloyatida ijro etilishi holatini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganish yakunlari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan chiqadigan chiqindilarni ko‘mish uchun “Ohangaron” chiqindixonasi tashkil qilingan. Maydoni 59 gektarni tashkil etadigan mazkur chiqindixonada taxminan 38,65 mln.m3 hajmda chiqindi joylashtirilgan. Ekologik-sanitar holati qoniqarli bo‘lgan ushbu chiqindixonaning davlat kadastri Toshkent viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan yuritiladi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, mazkur boshqarma tomonidan 2012-2016 yillar mobaynida shahardagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda 584 ta rejali, 10 ta rejadan tashqari, 228 ta nazorat tartibida, 420 ta holatda byudjet tashkilotlarida tekshiruvlar o‘tkazilgan hamda aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha 1058 nafar mansabdor shaxs “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 91-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilib, ulardan jami 51,48 million so‘m miqdorida jarima undirilgan.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining kunlik nazorat natijalariga ko‘ra, 2017 yil oktyabr oyidan 2018 yil oktyabr oyigacha bo‘lgan davrda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilgan 14733 holat aniqlangan. 2017 yilda mansabdor shaxslar tomonidan sanoat chiqindilarini tashish masalasida 48 marta, yo‘q qilishda 7 marta qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Maishiy chiqindilarni tashishda fuqarolar o‘rtasida 90 marta qonunbuzarlik holatlari vujudga keltirilgan.

2017 yilning dekabr oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonuni talablarini buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ishlar faollashtirilgan. 2017 yilning dekabr — 2018 yil maylari oralig‘ida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi bo‘yicha chiqindilar bilan ishlashda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan 517 fuqaro javobgarlikka tortilib, ularga 93,1 million so‘m jarima solingan.

Toshkent viloyatida 2017 yil mobaynida jami 1394 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlarining 223 tasi (91 nafari mansabdor shaxs) chiqindilarga bog‘liq bo‘lib, bu umumiy qonunbuzilish holatlariga nisbatan 40,8 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, ushbu qonunbuzilishi oqibatida 133 million so‘mdan ziyodroq jarima solingan. Yil davomida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan chiqindilarni joylashtirganlik uchun jami 1,7 milliard so‘m kompensasiya to‘lovlari undirilgan.

Deputatlarning fikricha, mazkur sohada huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarning yetarli emasligi, qonun normalari takomillashmagani, shuningdek, undagi bo‘shliqlar aholi punktlarini maishiy va sanoat chiqindilari bilan ifloslantirgan shaxslarni javobgarlikka tortishda qonuniy asos yo‘qligi oqibatida bir qator muammolar kelib chiqmoqda. Hududlarda sanoat, ro‘zg‘or chiqindilari va boshqa chiqindilarni tashish, joylashtirish, utilizasiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik holatiga ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilishini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Hududlarda barcha turdagi chiqindilarning hosil bo‘lishi, qayta ishlanishi va ko‘mib tashlanishida qonun normalariga qat’iy rioya etish choralarini ko‘rish va chiqindilarni belgilangan me’yorlardan ortiqcha joylashtirgani uchun iqtisodiy javobgarlik mexanizmini kuchaytirish zarurligi qayd etib o‘tildi. Shuningdek, mazkur sohada qabul qilinayotgan qonunlar, davlat dasturlari va boshqa tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rish tavsiya qilindi.

Tahlil etilgan hududlarda chiqindilarni belgilanmagan joylarga to‘kish mumkin emasligi, buning atrof-muhitga va inson salomatligiga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi targ‘ibot-tashviqot ishlari borasida Toshkent shahar va Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari, O‘zbekiston ekologik harakatining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, davra suhbatlari va amaliy tadbirlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Manba: kun.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!