Avstraliya Erondagi elchixonasini yopdi

Avstraliya hukumati xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli barcha Avstraliya rasmiylari va ularning oilalarini Erondan evakuasiya qilish va Tehrondagi elchixonasidagi faoliyatini noma’lum muddatga to‘xtatish qarorini e’lon qildi.
Bu haqda Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong bayonotida aytilgan.
"Avstraliya hukumati barcha amaldorlar va ularning oila a’zolariga Eronni tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi va mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganini baholash asosida uning Tehrondagi elchixonasi faoliyatini to‘xtatdi”, — dedi TIV rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Avstraliyaning Erondagi elchisi hukumatning inqirozga qarshi choralarini qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqada qoladi.
"Tashqi ishlar va savdo departamenti Eronni tark etayotgan avstraliyaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun Ozarbayjonga, jumladan o‘zining chegara punktiga konsullik xodimlarini joylashtirmoqda. Eronni xavfsiz tark etishi mumkin bo‘lgan avstraliyaliklarni hozir buni qilishga qat’iy tavsiya qilamiz. Keta olmagan yoki ketishni istamaganlarga o‘z joyida qolishni va ehtiyot choralarini ko‘rishni maslahat beramiz", dedi vazir.
U shuningdek, mavjud vaziyat va yopiq havo hududi tufayli Eronda konsullik yordami juda cheklanganligini ta’kidladi.
"Biz 24 soatlik Konsullik Favqulodda Yordam Markazimiz faoliyatini davom ettirmoqdamiz va Inqiroz portali orqali avstraliyaliklar bilan aloqa o‘rnatamiz", deya qo‘shimcha qildi Vong.
Qayd etilishicha, boshqa davlatlar, jumladan, Yangi Zelandiya va Shveysariya ham xuddi shunday choralar ko‘rgan va Tehrondagi elchixonalari faoliyatini to‘xtatgan.