Toshkent Jizzaxga ko‘chiriladimi? Mamlakatimizda yangi poytaxt shahar qurish taklif qilindi

Toshkent Jizzaxga ko‘chiriladimi? Mamlakatimizda yangi poytaxt shahar qurish taklif qilindi

O‘zbekiston poytaxtini Toshkentdan Jizzax viloyatining bepoyon bo‘sh yerlariga ko‘chirish, u yerda Temurkent nomli yangi poytaxt qurish taklif qilindi.
O‘zAda yozuvchi Evril Turonning Oltin o‘lka nomli essesi e’lon qilinibdi. Unda yozuvchi, jumladan, poytaxtni Toshkentdan boshqa joyga ko‘chirish, poytaxt so‘zini esa boshkent deb o‘zgartirish haqida ham fikr yuritadi.
Yozuvchining fikricha, Toshkent O‘zbekistonning bir chekka qismida ( Qozoqyurtning biqinida ) joylashgan va bu yerga, masalan, Qashqadaryo yo Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston yo Xorazm, Andijon yo Farg‘onadan yetib kelish uchun qancha vaqt, qancha mablag‘, qancha yoqilg‘i ketadi... ya’ni: trillion, trillionlar! .
Evril Turon boshkent yurtning o‘rtaroq qismida bunyod etilishi kerak deb hisoblaydi, zotan davlatchilik tarixi shunday . Shuning uchun poytaxtni Jizzax viloyatiga, G‘allaorol-Bulung‘ur tumanlari oralig‘idagi bo‘shliqqa. Agar boshkent G‘allaorol, Zomin va yoxud Bog‘don hududlarida qurilsa, milliard-milliard dollarlar tejaladi. Chunki buziladigan uylar yo‘q .
Qozoqlar sahroda Ostonani qurib, o‘ziga poytaxt qildi, biz undan-da mahobatli poytaxt qura olamiz, deyapti Evril Turon va shunday qo‘shimcha ham qilyapti: Men, zamon kelib, shon-shuhratga to‘lg‘uvchi bu boshkentga shunday nom berilishini istayman: TEMURKENT! (agar shunday bo‘lsa, O‘zbekiston poytaxti uchun yaqinda chizilgan logoni bemalol ishlatsa bo‘larkan, qarang).
Xo‘p, Ostonaga o‘xshagan yangi poytaxt ( Temurkent )ni qurish uchun pulni qayerdan olamiz? Evril Turon buning ham yechimini aytgan: Yer osti, usti boyligi tejab ishlatilsa; O‘marilgan milliardlar ($) o‘zbek g‘aznasiga qo‘yilsa; 25 yillik oltin Vatanga qaytarilsa; Korrupsiya ildizi tag-tugi bilan chopilsa; Yurtda shaffof deklarasiya o‘tkazilsa; Hasharga chet el davlatlari tortilsa... .
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston degan davlat jahon xaritasida 1925 yil fevralida, O‘rta Osiyodagi milliy-hududiy chegaralanishdan so‘ng paydo bo‘lgan. Uning birinchi poytaxti esa, manbalarga ko‘ra, Buxoro shahri bo‘lgan (O‘zbekiston degan davlatni tashkil etish haqidagi yig‘ilishlar o‘sha yerda bo‘lgan, hujjatlar o‘sha yerda imzolangan). 1925 yil aprelida poytaxt Buxorodan Samarqandga, 1930 yil avgustida esa Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!