“Tinchgina bir-birlaringning soqollaringni olinglar”: Toshkentda IIB xodimlari fuqarolarning soqolini majburan oldirdi

“Tinchgina bir-birlaringning soqollaringni olinglar”: Toshkentda IIB xodimlari fuqarolarning soqolini majburan oldirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Uchtepa va Chilonzor tumanlarida soqol qo‘ygan erkaklar jamoat joyidan ushlab ketilayotgani va IIB binosiga olib borilgach, soqoli olinib qo‘yib yuborilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz hodisa ishtirokchilari va Ichki ishlar vazirligi bilan bog‘landi.

Muhammadyusuf ismli Facebook foydalanuvchisi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda kundalik yumushi bilan ko‘chada yurgan vaqtda ichki ishlar xodimlari uni to‘xtatishgani va shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Uchtepa tumani IIB binosiga olib borishganini aytdi.

“Voqea kecha, 6 may kuni soat 16:30 – 17:00 atrofida sodir bo‘ldi. Ishlarim bilan ko‘chada yurgandim. Do‘kondan suv olib chiqayotganimda PPX xodimlari to‘xtatishdi. “Shaxsingizni tasdiqlashingiz kerak, biz bilan borasiz. Aniqlik kiritib qo‘yib yuboramiz”, deb aytishdi. Bir oycha avval Chilonzorda ham ichki ishlar xodimlari to‘xtatib, IIBga olib borishgan, ishxonadagilar pasportimni olib kelishgach, shaxsimga aniqlik kiritib qo‘yvorishgandi. Bu safar ham shunday bo‘lsa kerak deb ular bilan birga Uchtepa tumani IIBga bordim.

Bo‘lgan voqea haqida o‘zim ishlaydigan firma rahbariga qo‘ng‘iroq qilib aytdim. U kishi IIBga hujjatimni olib kelganlarida soqoli bo‘lgani uchun ularni ham ichkariga olib kirishdi. Bizni rasmga olishdi. Bu paytda IIB binosida xuddi shu holat bo‘yicha ushlab kelingan kamida o‘ntacha erkak bor edi. Xodimlar bizga soqolimizni olish kerakligini aytishdi. “Mashinka” berib, o‘zlaringiz olib chiqib ketaveringlar”, deyishdi. Yo‘qsa majburan olamiz deyishdi.

Bu gapdan keyin deyarli hamma soqolini o‘zi oldi. Xodimlar soqol bor paytda va olingandan keyingi holatlarni suratga olib turishdi. Soqoli olinganlar shu zahoti qo‘yib yuborildi. Men va rahbarim soqolimizni olmasligimizni aytdik. Shundan keyin bizni alohida xonaga olib kirib, tushuntirish xati yozib berishimizni aytishdi. Shunga asosan 15 sutkaga qamalishimizni, undan oldin esa baribir soqolimiz olinishini ma’lum qilishdi.

“Tinchgina bir-birlaringning soqollaringni olinglar”, deyishdi, biz rad etganimizdan so‘ng lavozimi yuqoriroq rahbarlardan birining xonasiga olib kirishdi.

Shu tariqa 5 soat davomida so‘roq-savol qilib, bosim qilib turishdi. Bu vaqtda bo‘limga olib kelinayotgan fuqarolar soqollarini olib bo‘lgach, chiqib ketaverdi. Biz esa soatlab o‘tiraverdik. Bu vaqt ichida telefonlarimizni titkilab ko‘rishdi. Qachondir o‘zbekistonlik rasmiy imomlardan biri marhum Yorqinjon domla Fozilovning ma’ruzalarini do‘stlarimdan biriga yuborgan ekanman. Sherigimning telefonidan ham shunga o‘xshash narsa topishdi.

“Agar soqolinglarni olmasanglar boshqa “statya” bo‘yicha ketasizlar” deb bosim qildi. Biz yo‘q joydan ish kattalashib ketmasin deb ularning talabiga rozi bo‘ldik, faqat soqolimizni o‘zimiz olmasligimizni, bir-birimiznikiniyam olmasligimizni aytdik. Shundan so‘ng yoshroq xodimlardan biri “mashinka”da olib qo‘ydi.

Soqolimiz olingach bizni suratga olishdi. Telefonlarimizni qaytarib berib, qo‘yib yuborishdi. Bizni tutib kelishgani bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilgani yo‘q. Bizdan ham hech qanday hujjatga imzo qo‘yish talab qilinmadi”, deydi Muhammadyusuf.

U PPX xodimlari bilan birga IIB binosiga kelayotgan vaqtda va binodan chiqqanidan so‘ng o‘zini suratga olgan va besh soat ichidagi o‘zgarish aks etgan ushbu suratlarni Facebook'dagi sahifasiga joylashtirgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa foydalanuvchilar tomonidan ko‘p marta ulashilgan ushbu postga yuzdan oshiq izoh yozib qoldirilgan.

“Tinchgina bir-birlaringning soqollaringni olinglar”: Toshkentda IIB xodimlari fuqarolarning soqolini majburan oldirdi

Abdurahmon Mufid / Foto: Facebook

Ma’lum bo‘lishicha, 6 may kuni yana bir qancha internet foydalanuvchilari IIB binosiga olib borilib, soqolini olishga majburlangan. Jumladan, Abdurahmon Mufid taxallusida ijod qiladigan taniqli vaynerlardan biri ham Instagram'dagi sahifasida o‘zining soqolli va soqolsiz suratini joylab, post qoldirgan.

“Har bir ishda bir hikmat bor, ko‘rib turganingizdek soqol olindi. Sizlardan iltimos, nima bo‘ldi, nima uchun soqolni oldingiz, tinchlikmi, muammo bormi degan savollarni bermanglar. Javob berishga qiynalishim mumkin. Lekin ko‘rgan, bilgan odamlarning o‘zlari tushunib olishdi degan umiddaman. Nima ham deymiz, ijodni yanada kuchaytiramiz, har qanday holatda ham ijod qilishdan, odamlarga motivasiya berishdan to‘xtamaslikka harakat qilamiz. Sizlarni yaxshi ko‘raman. Duolaringizdan umidvorman”, deb yozgan u.

Facebook'da Musannif Adham taxallusli bloger Adham Olimov bunday amaliyotning Konstitusiya va qonunlarda belgilangan shaxsiy huquq-erkinliklarga zidligi, buni ichki ishlar xodimlarining o‘zlari ham bilishini ta’kidlagan. U o‘zidagi ma’lumotlarga tayanib yozishicha, bu tadbirlar davomida xodimlar: “To‘g‘ri tushuning, bu siyosat, bizga ham buyurishgan”, deyishgan.

“Xo‘p, bu zormanda soqollar olindi, yuzlar qirtishlandi, lekin inson organizmi o‘zgarmaydi: ertadanoq bu soqollar yana o‘sib boshlaydi, ikki-uch oyda asl holatiga kelib, uzayib qoladi. Unda nima qilasizlar? Yana byudjetning puli isrof, yana reydma-reyd – soqolli yigitlarni tutib kelib, soqol oldirasizlarmi? Xalqning peshona teri bilan to‘layotgan solig‘ini bama’niroq, tuzukroq yo‘llarga sarflash chorasi yo‘qmi?” deya yozadi bloger.

“Tinchgina bir-birlaringning soqollaringni olinglar”: Toshkentda IIB xodimlari fuqarolarning soqolini majburan oldirdi

Muhammad Ma’ruf / Foto: Facebook

Bloger Olimjon Haydarov Telegram-kanalida Uchtepa tumani IIBda soqoli majburan olinganlar tomonidan berilgan ma’lumotlarga tayanib, ichki ishlar xodimlari “ro‘mollilarga ham shunday tadbir ketyapti” deyishgani haqida yozgan. Alixonto‘ra Shokirjon o‘g‘li ismli Facebook foydalanuvchisi esa Olimjon Haydarov tarqatgan ma’lumotga aniqlik kiritib, hijobga qarshi tadbirlar burqa (faqat ko‘z ochiq qoldiriladigan kiyim) kiygan ayollarga nisbatan o‘tkazilayotganini aytgan.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uz savoliga javoban fuqarolar profilaktik tadbirlar davomida konstitusiyaviy huquqlari poymol etilgan deb hisoblasa, o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilishi mumkinligini aytdi.

“Ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonida o‘tkaziladigan tezkor-profilaktik tadbirlarini fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri. Fuqaro, o‘zining konstitusiyaviy huquqlari poymol etilgan deb hisoblasa, o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilishi mumkinligini eslatib o‘tamiz”, dedi IIV mulozimi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!