Ta’ziya! Sharof Boshbekov vafot etdi

Ta’ziya! Sharof Boshbekov vafot etdi

Mashhur yozuvchi Sharof Boshbekov vafot etdi. Ushbu xabarni Yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi Fozil Farhod "Oyina.uz"ga tasdiqladi.

Sharof Boshbekov 1951 yilning 4 yanvarida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tug‘ildi. San’at instituti musiqali aktyorlik bo‘limida tahsil oldi. Muqimiy nomli teatrda, Sirdaryo viloyati teatrida aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida (1983–1985), O‘zbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986–1987) adabiy xodim bo‘lib xizmat qildi.

Dastlab «G» varianti» (1981), «G‘urur» (1982), «Jumboq» (1986) kabi hikoyalarini e’lon qildi. Shundan so‘ng birin-ketin «Tushov uzgan tulporlar» (1983) dramasi, «Taqdir eshigi», «Eshik qoqqan kim?» (1987), «Eski shahar gavroshlari» (1998), «Temir xotin» (1989) kabi jiddiy komediyalarini yaratdi. «Temir xotin» komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qo‘yildi. Unda muallif fan-texnika rivoji davrida inson ongi, dunyoqarashi, faoliyatida sodir bo‘layotgan jiddiy o‘zgarishlar, jamiyatdagi teran muammolarni hajviy yo‘sinda ochib beradi. Mazkur asar asosida tasvirga olingan badiiy film ham xalqimizga manzur bo‘ldi.

SH. Boshbekov ssenariysi asosida «Sharif va Ma’ruf», «Yuzsiz» (1993), «Tilla bola» (1994) kabi filmlar yaratildi. U «Masxaraboz» (1996), «Farhod va Shirin» filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida qatnashdi. Uning ssenariysi asosida «Charxpalak» teleseriali dunyoga keldi. Bundan tashqari «Tentak farishtalar» (1995), «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» (1996) kabi sahna asarlari ham respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi.

Sharof Boshbekovning «Temir xotin» asari 1989 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topildi.

Mustaqillik yillari «O‘yin» (2002), «Doka ro‘molning qurishi» (2004) telefilm ssenariylarini yozdi; «So‘qmoq» (2003), «Mehr va mauzer» (2007) kinoqissalarini yaratdi. «Falakning gardishi» (2009), «Musofir bo‘lmaguncha» (2009), «Tentak farishta» (hikoyalar, maqolalar, ssenariy, 2010) majmualari nashrdan chiqdi.

Sharof Boshbekov 1990 yilda Davlat mukofotiga, 1999 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 2001 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!