Tanlang: parhezmi yoki ro‘za?

Ayrimlar, ro‘za tutish sog‘likka ziyon yetkazadi, deb hisoblaydilar. Holbuki, Alloh taolo bandalariga zarar keltiradigan amrlarni buyurmaydi.
Bugunga kelib parishonxotirlik, xotira sustligi, doimiy horg‘inlik, uyqusizlik, behalovatlik, tushkunlik kabi xastaliklar butun dunyoning muammosiga aylandi. Iste’mol qilinayotgan turfa, sara taomlar quvvatini joyiga sarflay bilmaslik, kamharakatlilik va tanballikka asoslangan yashash tarzi – bularning bari kishida zerikishni keltirib chiqaradi. Yuqorida sanab o‘tilgan asosan ruhiyat bilan bog‘liq kasalliklarning sabablari ham shunga borib taqaladi. Xo‘sh, davrimiz kishilarining shikoyat mavzusiga aylangan bu muammolardan qutulishda ro‘zaning ta’siri qanday?
Ko‘p yegan ko‘p uxlaydi, ko‘p uyqu bilan vaqt zoye ketadi, qalb qattiqlashadi. Hamisha to‘q bo‘lgan kishi beshafqat va marhamatsiz bo‘ladi. Ro‘za tutish bilan esa inson ne’matlar qadrini anglaydi. Ochlik, tashnalikni o‘z boshidan o‘tkazganidan so‘ng dunyodagi qanchalab ovqatga, suvga zor insonlar holini tushunadi, qalbi yumshaydi. O‘zi ega bo‘lgan ne’matlardan bir muddat ayrilish bilan ulardan to‘g‘ri foydalanish, isrof etmaslik va bu ne’matlarni bergan Alloh taologa shukrda bo‘lmog‘i zarurligini his qiladi. Ro‘za insonni sabr-qanoatli, marhamatli bo‘lishga o‘rgatadi. Bularning ortidan inson ruhiy halovatga erishadi.
Ko‘p kasalliklarning boshi bo‘lgan yana bir muammo bor – semizlik. Bu xastalikka qarshi kurashda eng yaxshi davo vositasi sifatida zamonaviy tibbiyot parhezni tavsiya etadi. Tibbiyotdagi tartibli, rejali parhez deya qo‘llanadigan usulni biz, musulmonlar ro‘za deb ataymiz. Ya’ni, musulmon bo‘lishning besh shartidan biri. Zotan, ramazon oyi ro‘zasini o‘rniga keltirib ado etish bilan parhez yordamida erishiladigandan ham ortiqroq foydalar qo‘lga kiritiladi. Agar parhez bilan faqat tanimiz shifo topsa, ro‘za ibodatini bajarish bilan qalbimiz ham shifo topadi. Ya’ni, ro‘za Alloh taoloning amri bo‘lgani va xolis U zotning roziligini ko‘zlab tutilgani bois ham uxroviy, ham dunyoviy foydalarga erishiladi.
Ramazon oyi ro‘zasi Qur’oni karimda: “...Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi...” – deya amr qilgan Mehribon va Rahmli Zotdan tanu qalbimiz salomatligi, ikki dunyomiz saodati uchun hikmatli hadyadir.