Ta’lim sohasida Finlyandiya bilan hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama etildi

Ta’lim sohasida Finlyandiya bilan hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama etildi

Joriy yilning 19-aprel kuni oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Finlyandiyaning O‘zbekistonda elchisi (qarorgohi Helsinkida) Ilkka Ryaysyanenni qabul qildi. Uchrashuvda, shuningdek, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi fahriy konsuli Alisher Jo‘rayev qatnashdi.

Vazir Finlyandiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi bundan qariyb o‘ttiz yildan avval o‘rnatilgan va rivojlanib borayotgan ikki tomonlama munosabatlarning ahamiyatini alohida ta’kidladi:

Ta’lim sohasidagi hamkorligimiz innovasiyalarga ochiqligizmizni ko‘rsatadi. Talabalar va o‘qituvchilar uchun ikki diplom dasturlari va almashinuv loyihalarini amalga oshirish Finlyandiya va O‘zbekiston o‘rtasida kuchli ta’lim tarmog‘ini yaratish yo‘lidagi sayohatimizning bir debochasidir.

Elchi janoblari o‘z o‘rnida O‘zbekistonda ta’limga bo‘lgan e’tiborni alohida ta’kidlab o‘tdi:

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tahsinga loyiq. Innovasiyalar mamlakatlarimizni bog‘laydi va bu borada birgalikda amalga oshiradigan loyihalarimiz bisyor. Bizning maqsadimiz innovasiyalar va ilm-fan sohasidagi hamkorligimizni yanada rivojlantirishdir.

Tomonlar o‘zaro ta’lim dasturlari nafaqat madaniy almashinuvni rivojlantirish, balki mamlakatlarimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishiga alohida urg‘u berdilar.

Elchi Ilkka Ryaysyanen o‘tgan yili Vazirlik huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan oqava suvlarni tozalashga qaratilgan loyihani davom ettirish masalasini ilgari surdi. Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi, “Olmaliq KMK” AJ mutaxassislari Toshkent shahridagi Nordik xalqaro universiteti (Nordic university) hamkorligida “EPSE OY” (Finlandiya) kompaniyasi bilan O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoati oqava suvlarini qayta ishlash bo‘yicha muzokaralar olib borgan.

Muzokaralar natijasida “Olmaliq KMK” AJning Mis eritish zavodi oqava suvlar va Rux ishlab chiqarish zavodi chiqindi suvlar namunalarini laboratoriya tahlillari uchun Finlandiya kompaniyasiga jo‘natildi. Laboratoriya sinovlari natijasida kompaniyaning yangi kimyoviy reagenti yordamida suv namunalari tarkibidagi metallar va boshqa elementlar miqdori sezilarli darajada kamaytirishga erishildi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi sanoat oqava suvlarining atrof-muhitga zararli ta’siri sezilarli darajada kamaytirishga olib keladi.

Vazir K.Sharipov loyihaning ahamiyatini yuqori baholadi va uning ishga tushirilishi keyinchalik nafaqat tog‘-kon, balki tekstil, charm sanoati va boshqa sohalarda joriy etilishi mumkinligiga e’tibor qaratdi. Tomonlar mazkur pilot loyihaga may oyida start berish uchun hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.

Tomonlar, shuningdek, Finlandiyada o‘tkaziladigan yirik SLASh festivalini O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan InnoWeek haftaligi doirasida tashkil qilish va unga butun Markaziy Osiyo startapchi yoshlarini jalb qilish masalasini birgalikda ishlab chiqishga kelishdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!