Tailand maktablari Myanmadagi zilzila tufayli yopildi

Tailanddagi maktablar juma kuni qo‘shni Mmyanmada yuz bergan zilzila tufayli xavfsizlik nuqtai nazaridan yopildi.
Bu haqda mamlakat bosh vaziri Pxetxongtxan Chinavat ma’lum qildi.
"Biz jamoatchilikni xotirjam, ammo hushyor bo‘lishga chaqiramiz. O‘quvchilar xavfsizligi uchun maktablar erta yopildi. Vaziyat o‘zgarishi bilan keyingi yangilanishlar taqdim etiladi", dedi u.
OAV xabarlariga ko‘ra, Tailand aviasiya regulyatori Myanmadagi zilziladan so‘ng mamlakat aeroportlarida barcha reyslarni taqiqlagan.
Tailand banki mamlakat banklari mijozlarga cheklangan xizmatlarni taqdim etishi mumkinligini, shu bilan birga to‘lov tizimlari o‘z faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, zilziladan keyin yordam ko‘rsatish uchun Tailand harbiylari jalb qilingan. Armiya boshlig‘i general Pana Kleuplodtuk aholiga yordam ko‘rsatish uchun armiyaning tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish markazini zudlik bilan faollashtirishni buyurdi. Barcha bo‘linmalarga zudlik bilan jo‘natish uchun shaxsiy tarkib va zarur texnikani safarbar etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Favqulodda bemorlarni qabul qilish uchun armiya kasalxonalari ham tayyor holatga keltirildi.
Juma kuni Myanmada 7,7 magnitudali zilzila yuz berdi, yer silkinishlari besh qo‘shni davlatda, jumladan Tailandda ham sezildi.