SSVga vaksinasiya tadbirlarini yanada yaxshilash uchun 223 ta maxsus avtomobil topshirildi

SSVga vaksinasiya tadbirlarini yanada yaxshilash uchun 223 ta maxsus avtomobil topshirildi

So‘nggi vaqtda jahonda koronavirus infeksiyasining yangi shtammi tarqalishi munosabati bilan aholini emlash bo‘yicha chora-tadbirlar sezilarli darajada jadallashdi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi BMTning Bolalar jamg‘armasi  (YUNISEF) bilan O‘zbekistonda Milliy immunizasiya dasturini amalga oshirish borasida doimiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlab bormoqda.

Mamlakatimiz COVID-19ga qarshi emlashni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani sababli, bugun YUNISEF poytaxtimizdagi “Milliy” stadionida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati uchun 17 ta muzlatkichli yuk mashinasi va 206 ta Miniven-Labo avtomobillarini topshirdi.

Shu munosabat bilan o‘tgan tantanali marosimda Bosh vazir o‘rinbosari B. Musayev, Sog‘liqni saqlash vaziri A. Xadjibayev, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M. Mamedzade va boshqa mas’ullar ishtirok etishdi.

Taqdim etilgan transport vositalarining umumiy qiymati 2 million AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu mablag‘ Vaksinalar va immunizasiya bo‘yicha global alyansi (GAVI) tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini mukamallashtirish doirasida ajratildi. 

— Oldimizda katta mas’uliyatli vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, aholining tegishli qatlamini koronavirus kasalligiga qarshi emlash, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev. — Vaksinasiya borasida yetarli tajribaga ega bo‘lsak-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash kunlarini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik tadbirlarida amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida mutaxassislar biriktirdik, emlash tadbirlariga jalb etilgan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirdik, ularga maslahat, amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. O‘ylaymanki, hozirda bu borada yaratilayotgan qo‘shimcha  imkoniyatlar albatta o‘z samarasini beradi va ushbu sinovli kunlardan biz mardonavor o‘tamiz hamda oldimizga qo‘yilgan — koronavirus pandemiyasini yengishdek murakkab vazifani yorug‘ yuz bilan ado etamiz.

Tadbirga so‘zga chiqqanlarning ta’kidlashicha, vaksinalarni ma’lum bir haroratni saqlagan holda tashish juda muhim. Buning uchun maxsus avtomobillarning topshirilishi esa sovuqlik zanjiri va logistika infratuzilmasini yanada mustahkamlash hamda vaksinalarni mamlakat bo‘ylab xavfsiz va tezkor tashishga hissa qo‘shadi. 

Shuningdek, COVID-19ga qarshi vaksinalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish jadal olib borilayotgan hozirgi davrda ularni adolatli taqsimlash muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

— Hech kimni chetda qoldirmasdan COVID-19ga qarshi emlashni adolatli o‘tkazishga tayyorgarlik ketayotgan vaqtda O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilishdan mamnunmiz, — dedi YUNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Ishonchim komilki, ushbu hamkorlik barcha hududlarda aholini vaksinasiya ishlari bilan to‘liq qamrab olish sari yana bir qadam bo‘ladi. Bundan avval O‘zbekistonda immunizasiya tadbirlari uchun sovuqlik zanjiri inshootlari va qurilmalari barpo etishda hamkrolik qilgan edik.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!