SSV: Endi tez tibbiy yordam xizmatida elektromobillardan foydalaniladi

Ipoteka bank OTP Group tomonidan Respublika tez tibbiy yordam markaziga 10 dona “BYD Seagull” rusumli zamonaviy elektromobillar taqdim etildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi va bank rahbariyati, soha mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxanova so‘zga chiqib, bunday hamkorlik mamlakatimiz aholisiga tez tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda mazkur moliya muassasasi tibbiyot tashkilotlari, ta’lim muassasalari, sug‘urta, axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasidagi kompaniyalarga yaqindan ko‘mak beradi.
Qayd etish joizki, taqdim etilgan ushbu elektromobillar Respublika tez tibbiy yordam markazining 10 ta hududiy filiali o‘rtasida taqsimlanib, tizimda tajriba tariqasida foydalaniladi hamda uning natijalari bo‘yicha zarur takliflar ishlab chiqiladi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda tez tibbiy yordam tizimida 2 857 ta tibbiy brigada faoliyat yuritib, 3 100 dan ziyod avtotransport vositasi aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur avtomashinalarning 574 tasi esa "B" toifali reanimobillar hisoblanadi.