Soch to‘kilishini bartaraf etadigan 8 ta mahsulot

Soch to‘kilishini bartaraf etadigan 8 ta mahsulot

Sochlar to‘kilishi vitamin va mikroelementlar yetishmasligi, dori vositalarining nojo‘ya ta’siri, gormonal va infeksion kasalliklar, stress, irsiyat, noto‘g‘ri parvarish tufayli yuzaga keladi. Biroq sochlar siyraklashuvining eng keng tarqalgan sababi noto‘g‘ri ovqatlanishdir.

Sochlar keratin moddasi va oqsildan iborat bo‘lib, tartibsiz ovqatlanish ularning to‘kilishiga va jilosini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi. Chunki soch tolalari organizmdagi muhim faoliyatni bajaradigan organ emas. Mikroelementlar yetishmasa, inson tanasi muhim organlarga kerakli vitaminlarni yetkazishga harakat qiladi. Yetarli ozuqa olmagan soch va tishlar buning natijasida mo‘rtlashadi.

Xo‘sh, qaysi mahsulotlar sochlar to‘kilishini qisqa muddatda to‘xtatadi?

Qizil go‘sht (mol, qo‘y go‘shti)

Ayollar hayz tufayli temir moddasining ma’lum qismini yo‘qotadi. Uning o‘rni temirga boy mahsulotlar bilan to‘ldirilmasa gastrit, temir tanqisligi anemiyasi kelib chiqadi, gemoglobin darajasi pasayadi.

Bu kasalliklar qon aylanishi buzadi, shuning uchun soch follikulalari kerakli oziq moddalarni olmaydi va ildizlari muddatidan avval nobud bo‘ladi. Reproduktiv yoshdagi ayollar temirga boy mahsulot — qizil go‘shtni haftasiga 2-3 marta iste’mol qilishlari kerak.

Bedana tuxumi

Oqsil va temir moddasiga boy bedana tuxumida tovuqnikidan ko‘proq mikroelementlar mavjud. Undagi omega-3 va E vitamini yog‘lar almashinuvi uchun zarurdir.

Tvorog

Oqsil va kalsiyning ajoyib manbayi bo‘lgan tvorog sochlarning mustahkam va sog‘lom o‘sishiga yordam beradi. Kuniga 100-150 gramm tvorog iste’mol qilib yursangiz bir necha oyda sochlaringiz mayinroq va elastik bo‘lganini sezasiz.

Anor

Shikastlangan sochlarni tiklash uchun anor va uning sharbatini taomnomaga kiritish kifoya. Shifokorlar kuniga 250 grammgacha anor va 300 ml gacha uning sharbatini ichishni tavsiya qiladi.

Anor tarkibida tish emalini yemiradigan kislotalar mavjud. Tishlarga zarar yetmasligi uchun sharbatni naycha orqali ichish, so‘ngra og‘izni iliq suvda chayish lozim.

Zig‘ir urug‘i

Sink, omega-3 va mis manbayi bo‘lgan zig‘ir urug‘i sochlarning erta oqarishining oldini oladi, ayollarning gormonal holatini yaxshilaydi, umrni uzaytiradi. Zig‘ir urug‘i maydalangan va xom holatda iste’mol qilinadi.

Qizil sabzi

Sabzidagi karotenoidlar ultrabinafsha nurlaridan tabiiy himoyani yaratadi, terining holatini yaxshilaydi, sochlarga tabiiy jilo beradi. Qizil sabzili niqob quruq sochlarni namlantiradi. Sabzi ildizida C va E vitaminlari sochlarning tezroq o‘sishiga foyda beradi.

Jigar

Jigar B12, biotin va B guruhidagi boshqa vitaminlarga boy bo‘lib, hujayralar metabolizmida faol ishtirok etadi. Jigar quruq va sinuvchan sochlarni davolashda keng qo‘llaniladi.

Zaytun yog‘i

2 osh qoshiq zaytun yog‘i bir oy ichida sochlaringiz holatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Zaytunni turli salatlar va bo‘tqalar bilan birga iste’mol qilish mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!