Sinoat! Yerning tortish kuchi nimaga ishorat?
Alloh taolo Mursalot surasida shunday marhamat qiladi:
«Erni o‘ziga tortuvchi qilib qo‘ymadikmi… tiriklarni va o‘liklarni?!» (25-26-oyatlar).
Ya’ni yer ustida yurgan tiriklarni ham, o‘liklarni ham o‘ziga tortadi. Mana shu oyatning o‘ziyoq Alloh taoloning buyuk qudrat va mo‘’jiza sohibi ekaniga ishoradir. Chunki Alloh subhanahu va taolo o‘n sakkiz ming olamni yaratgandayoq har birini o‘ziga xos xususiyat bilan bino qilgan edi. Uning qudratining bir uchquni bo‘lgan, siz bilan biz rizq-ro‘z terib yashayotgan zaminimizni olaylik. Yerni dumaloq qilib yaratdi, tog‘larni uning ustiga bino qilib, qoziq qilib qo‘ydi. Va nihoyat, yerdagi mavjudotlar unda muqim o‘rnashsin, u aylanganda to‘kilib, sochilib ketmasin deb, yerni tortishish kuchiga ega qildi. Hozirgina siz o‘qigan oyatlardagi buyuk bir bashoratni insoniyat endigina kashf etdi. Ya’ni yer o‘z o‘qi atrofida aylanadi, tortishish kuchiga ega va hokazo.
«Tiriklarni va o‘liklarni» oyatiga ham endi ortiqcha sharh lozim bo‘lmasa kerak. Chunki har bir ongli kitobxon yaxshi biladiki, tirik mavjudotlaru insonlar yerning tortishish kuchi tufayli uning qobig‘idan boshqa sayyoraga chiqib ketmaydi. Yoki inson o‘lgach, albatta tuproqqa qo‘yiladi va hokazo...
Ushbu oyati karimadagi «kifatan» so‘zi o‘ziga tortish va qo‘shish degan ma’nolarni ifoda etadi. Alloh taolo bu oyatda O‘zining bergan ne’matlarini eslatmoqda. O‘zingiz ustida yashab turgan yerni sizni o‘ziga tortadigan qilib, barqaror va xotirjam yashashingizni ta’minlab qo‘ymadikmi?! Ba’zi odamlar bu «tortish va qo‘shish» o‘lgan insonlarning yerdagi qabrga dafn qilinishini ifoda qiladi, demasliklari uchun Alloh taolo «tiriklarni va o‘liklarni» demoqda. Ya’ni «Biz yerni sizlarni tirik chog‘ingizda ham o‘ziga tortadigan, o‘lganingizdan keyin ham o‘z bag‘riga tortadigan qilib qo‘ydik», demoqda.
Yunus ibn Qurra rahmatullohi alayhiga o‘xshash ulamolar qadimda ham ushbu ma’noni to‘liq tushunib yetganlar va ushbu oyati karima Alloh taolo yerga o‘ziga tortuvchi quvvat berganiga va ana shu quvvat insonning yer yuzida qaror topib turishiga, xotirjam hayot kechirishiga sabab bo‘lishiga dalil ekanini ta’kidlashgan.
Ushbu oyati karimada yerning tortishish kuchiga ishora bordir. Ana shu tortishish kuchi sababli narsalar yer yuzida qaror topadi. Ana tortishish kuchi tufayli yer yuzida hayot kechirish imkoni tug‘iladi. Agar yerning tortishish kuchi bo‘lmasa, uning ustida hayot kechirish imkoni bo‘lmas edi.
Milodiy 1642-1727 yillarda yashab o‘tgan mashhur fizik olim Isaak Nyuton butun olam tortishish qonunini yoki umumiy nisbiylik nazariyasini kashf etdi. Aytilishicha, Nyuton olma daraxtining tagida o‘tirgan chog‘ida daraxtdagi olma uzilib, yerga tushadi. Bir qarashda kichik va oddiy bo‘lgan bu hodisa Nyutonning fikrini bir necha yillar davomida o‘ziga jalb etadi. U: «Nima uchun olma aynan yerga tushishi kerak ekan? Qanday kuch olmani o‘zi tomon tortdi ekan? Nimaga olma daraxtdan uzilgach, osmon tomonga ko‘tarilmadi?» degan savolga javob axtaradi. Keyinchalik esa tortishish qonunini (gravitasiya qonunini) kashf etadi: «Har qanday ikki jism massalarining ko‘paytmasiga to‘g‘ri proporsional va oralaridagi masofaning kvadratiga teskari proporsional kuch bilan bir-biriga tortilib turadi».
Ushbu qonunning kashf etilishi natijasida koinotdagi sayyoralar tizimining yaxlitligi va bu sayyoralar ham ana shu qonunga bo‘ysunishi kashf etildi. Nima uchun ushbu sayyoralar Quyosh atrofida aylanadilar? Nima uchun ular o‘zaro ma’lum masofani saqlab turadilar, urilib ham ketmaydilar yoki bir-biridan qochib, har yoqqa tarqalib ham ketmaydilar? Qanday kuch ularni bunday cheksiz fazoda aniq tartib va tezlik bilan aylantirgan holda saqlab turadi va zarrachalik undan chetga chiqishmaydi?
Nyutonning kashfiyotiga binoan: Bir jismning doiraviy va aylana shakldagi harakati uning markazdan qochishiga sabab bo‘ladi va tortishish qonuni esa uni markaz tomon jazb qiladi...
Ilmning ta’kidlashi bo‘yicha, agar yerning tortish kuchi bo‘lmasa, odam yer yuzida uchib yurishi kerak bo‘ladi. Uning ustida barqaror bo‘la olmaydi. Xuddi kosmosga chiqqan fazogirlarga o‘xshab qoladi. Bunday holatda yashab bo‘lmaydi.
Erni boshqa sayyoralardan ajratib turuvchi farqlardan yana biri yerning zichligi boshqalardan, hattoki quyosh zichligidan ham ustinligi, shu bilan birga, yerning tortishish kuchi mo‘’tadil ekanidir. Shuning uchun yer ustida inson unga yopishib ham qolmay, uchib ham ketmay, qaror topib yashaydi.
Alloh taolo Toho surasida shunday marhamat qiladi:
«Alloh sizga yerni qarorgoh, osmonni tom qilgan va sizlarning suratlaringizni go‘zal suratda qilgan, sizlarga pok narsalardan rizq bergan Zotdir. Ana o‘sha Alloh Robbingizdir. Bas, olamlarning Robbi – Alloh barakotli bo‘ldi» (64-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo O‘zining bandalariga bergan ne’matlaridan ba’zilarini eslatib o‘tmoqda.
«Alloh sizga yerni qarorgoh, osmonni tom qilgan...» Zotdir.
Er odam bolasi uchun Alloh tomonidan qarorgoh qilingan. Inson yerdan boshqa joyda qaror topa olmaydi. Yerdan yuqoriga ko‘tarilgan inson vaznsizlik holatiga uchraydi. Oyog‘ini xohlagan joyiga qo‘ya olmaydi, qarorini yo‘qotadi. Unga havo yetishmaydi. Yerning ostida ham unga qaror yo‘q. Inson faqat yer ustidagina qaror topadi. Yerni inson hayoti uchun hamma tomondan rostlab, to‘g‘rilab qo‘ygan Zot Alloh taolodir. Mazkur imkoniyatlardan birortasini boshqa biror kimsa yarata olmaydi. Shunday ekan, inson Allohga hamd aytishi, tinmay ibodat qilishi lozim.
Osmonni inson uchun tom qilib qo‘ygan Zot ham Allohdir. Agar Alloh inson uchun osmonni tom qilib bermasa, kim ham bu ishni uddalay olardi? Shunday ekan, inson Allohga hamd aytishi, tinmay ibodat qilishi lozim. Alloh taolo:
«…va sizlarning suratlaringizni go‘zal suratda qilgan...» Zotdir.
Inson o‘z suratiga qarasin. Uning jussasi qanday go‘zal. Agar a’zolaridan birortasi salgina o‘zgarib qolsa, bu go‘zallikning qadrini biladi. Albatta, unga bu suratni Allohdan boshqa hech kim bera olmaydi. Shunday bo‘lganidan keyin, inson Allohga hamd aytishi, tinmay ibodat qilishi lozim.
«...sizlarga pok narsalardan rizq bergan Zotdir».
Inson hayoti uchun zarur rizqni beradigan Zot ham Alloh taolodir. Agar Alloh taolo insonga berib turgan pok rizqlardan ba’zisi yo‘q bo‘lib qolsa, hech kim uning o‘rnini to‘ldira olmaydi. Rizqning hammasi Alloh taolodan. Shunday bo‘lganidan keyin, inson o‘ziga rizq beruvchi Alloh taologa iymon keltirishi, Ungagina ibodat qilishi lozim.
«Ana o‘sha Alloh Robbingizdir».
Ana o‘sha sifatlarga ega bo‘lgan Zot sizning Robbingizdir, ey odamlar! Sizning yaratuvchingizu, rizq beruvchingiz ham, tadbiringizni qiluvchi ham U, tarbiyakunandangiz ham Uning O‘zidir.
«Bas, olamlarning Robbi – Alloh barakotli bo‘ldi».
Ya’ni Alloh faqat insonlarning emas, butun olamlarning Robbi – yaratuvchisi, rizq beruvchisi, tadbirini qiluvchisi va tarbiyakunandasidir. U Zot hamma narsadan yuksakdir, hamma narsadan barakotlidir.
Manba: islom.uz
