Si Szinpinning Rossiyaga tashrifi sanasi e’lon qilindi

Si Szinpinning Rossiyaga tashrifi sanasi e’lon qilindi

Xitoy raisi Si Szinpin 20—22 mart kunlari davlat tashrifi bilan Rossiyada bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Interfaks” Kreml matbuot xizmatiga tayanib.

Si Szinpin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskvaga tashrif buyurmoqda. “Muzokaralar chog‘ida Si va Putin Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qiladi”, — deyiladi Kreml xabarida.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Si Szinpinning Rossiyaga tashrifi “ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi, o‘zaro ishonch va tushunishni yanada mustahkamlaydi”, deb xabar qilgan. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Pekin “Ukraina inqirozi bo‘yicha ob’ektiv pozisiyani saqlab qolgan holda, muzokaralarni ilgari surishda konstruktiv rol o‘ynash niyatida”.

Xitoy rahbarining Rossiyaga tashrifi haqida bir necha kun oldin Reuters manbalari xabar bergandi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Rossiyaning Ukrainaga bosqini bir yilligi munosabati bilan “Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish” rejasini taqdim etganidan so‘ng, Pekin o‘zaro muzokaralar o‘tkazishga ham qaror qilgan.

Rossiyadagi muzokaralardan so‘ng Si Szinpin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan urush boshidan beri ilk suhbatini o‘tkazmoqchi, deydi Reuters manbalari. Uchrashuv onlayn o‘tkazilishi kutilmoqda.

Si Szinpin va Vladimir Putin oxirgi marta 2022 yil dekabr oyi oxirida muzokara o‘tkazgan, ularning uchrashuvi onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan.

Fevral oyida AQSh rasmiylari Xitoy Rossiyaga noharbiy yordam ko‘rsatayotgani, shuningdek, qurol yetkazib berish imkoniyatini ham ko‘rib chiqayotgani haqida aytgandi. OAV xabarlariga ko‘ra, agar Pekin Moskvaga harbiy yordam bersa, AQSh Xitoyga qarshi sanksiyalar joriy etishga tayyor.

Politico ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Xitoyning bir qator kompaniyalari Rossiyaga qurol-yarog‘, jumladan, avtomatlar, dron qismlari va zirhli nimchalar jo‘natgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!