Shols AQSh prezidenti Donald Trampni Volodimir Zelenskiyni diktator deb atagani uchun tanqid qildi

Germaniya kansleri Olaf Shols AQSh prezidenti Donald Trampni Volodimir Zelenskiyni diktator deb atagani uchun tanqid qildi.
«Prezident Zelenskiyni demokratik legitimlikdan mahrum qilish noto‘g‘ri va xavfli qaror», — dedi Shols Der Spiegel jurnaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy «Ukrainaning saylangan rahbari» hisoblanadi.
«Urush sharoitida saylovlar o‘tkazilmasligi Ukraina Konstitusiyasi va saylov qonunlarida yozib o‘tilgan. Hech kim bu borada boshqacha fikr bildirmasligi kerak», — dedi u.
Shuningdek, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ZDF telekanaliga bergan izohida Trampning so‘zlarini «absurd» deb atadi.
Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Zelenskiyni demokratik prezident sifatida tan olishini bildirgandi. «Bosh vazir prezident Zelenskiyni Ukrainada demokratik yo‘l bilan saylangan lider sifatida qo‘llab-quvvatlaydi va urush vaqtida saylovlarni to‘xtatib turish qarori mutlaqo mantiqiy ekanligini ta’kidlaydi. Buni Britaniya ham Ikkinchi jahon urushi davomida amalga oshirgan», deyiladi Britaniya hukumat bayonotida.