Shohjahon Ergashevga nima bo‘ldi, u tirikmi?

Shohjahon Ergashevga nima bo‘ldi, u tirikmi?

Kuni-kecha o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev Moskva shahrida mudhish avtohalokat ishtirokchisiga aylangani, uning ahvoli og‘ir ekanligi hatto yengilmas bokschi ushbu “avariya” natijasida halok bo‘lgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylandi.

Ko‘plar Ergashevning avtohalokatga uchraganini yolg‘on, ayrimlar rostga yo‘ydi. Worldnews.uz axborot agentligi kecha, 2 iyul kuni bokschi bilan shaxsan bog‘lanib, undan bo‘lgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berishni so‘radi.

Shohjahon Ergashev ayni vaqtda Moskva shahrida ekanligi va u bilan bog‘liq barcha xabarlar “feyk” – ya’ni yolg‘on ekanligini tasdiqladi.

“Hozirda bo‘lajak jangimga tayyorgarlik ko‘ryapman, men haqimda yolg‘on xabar tarqatayotganlarga o‘zi insof bersin. Lekin bu ishlarni kim qilganini ham yaxshi bilaman, vaqti kelsa ular bilan albatta, hisob-kitob qilaman. OAV istaganini yozadi, ularga soxta reyting bo‘lsa bas.

Men esa boshlagan ishimni yarim yo‘lda tashlab ketadiganlardan emasman. Tez kunlarda Worldnews.uz axborot agentligi va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilib, batafsil ma’lumot berib o‘taman.

U vaqtga qadar bunday soxta xabarlarga ishonmasligingizni va bu kabi ishlar menga bo‘lgan ruhiy zarba ekanligidan sizlarni xabardor etmoqchiman”, dedi Shohjahon Ergashev.

Ma’lumot o‘rnida, bokschi 29 iyun kuni Moskva shahrida avtohalokat ishtirokchisiga aylangani borasida gap-so‘zlar dolzarblashdi. Internet foydalanuvchilari Ergashevning o‘zi ham anchadan beri ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rinmay qolganidan havotirga tushishdi. Jurnalistlar unga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olishmayotgan edi.

Shuningdek, boksichining ma’muri Shohjahon 29 iyun kuni tug‘ilgan kun tadbirida bo‘lganligi shunday buyon bokschi bilan aloqaga chiqmaganligini ma’lum qilib, avtohalokat borasida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytgan edi. Demak ortda qolgan barcha mish-mishlarga to‘liq oydinlik kiritildi. Bokschi soppa-sog‘ va tirik!

Eslatib o‘tamiz, shu yilning mart oyida o‘zbekistonlik bokschi professional ringdagi 17-jangida rossiyalik Maksim Churbanovni nokautga uchratgan edi. Bundan tashqari, Shohjahon Ergashev 12 iyul kuni AQShda chempionlik kamari uchun jangda ringga chiqishi haqida xabar bergan edik. Hozircha chempionlik kamari uchun kechadigan jangda qaysi bokschi raqiblik qilishi ma’lum emas.

Ma’lumot uchun, Shohjahon ringga chiqadigan vazndagi barcha kamarlar band. Ularning himoyasi uchun ham janglar aniq bo‘lib ulgurgan. WBC va WBO kamarlari sohiblari birlashtiruvchi jangda ishtirok etsa, WBA va IBF chempionlari WBSS finalida o‘zaro ro‘baro‘ kelishadi. Shohjahon shu kungacha prof ringda 17 marotaba ringga chiqqan va ularning barchasida g‘alaba qozongan. Janglarining 15 tasini u muddatidan oldin o‘z foydasiga hal qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!