Tramp o‘g‘illari arab davlatlariga dronga qarshi tizimlarni sotmoqchimi?
AQSh prezidenti Donald Trampning katta o‘g‘illari qo‘llab-quvvatlayotgan Powerus kompaniyasi Fors ko‘rfazi davlatlariga dronlarni tutib qolish tizimlarini sotishga urinayapti.
Hozirda ushbu davlatlar Eron tomonidan amalga oshirilayotgan javob zarbalariga duch kelmoqda va AQSh harbiy himoyasiga tayanadi.
Floridada joylashgan kompaniya o‘tgan oy Erik Tramp va Donald Tramp kichik kompaniyaga qo‘shilganini ma’lum qildi. Bu ularga kompaniyada katta ulushga ega bo‘lish imkonini berishi mumkin. Mahsulotlar targ‘iboti AQSh va Isroil hujumlaridan so‘ng boshlangan va bir oydan ortiq davom etayotgan Eron bilan urush fonida kechmoqda.
Kompaniya hammuassisi Brett Velikovichning aytishicha, Powerus vakillari Yaqin Sharqning bir nechta davlatlarida dronga qarshi tizimlar namoyishini o‘tkazmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu texnologiyalar ushbu davlatlarga Eron hujumlarini qaytarishda yordam berishi mumkin. U aniq qaysi davlatlar bilan muzokara olib borilayotganini ochiqlamagan.
Jorj Bush ma’muriyati davrida Oq uyning sobiq bosh etika yuristi Richard Peynterning ta’kidlashicha, mintaqa davlatlari prezident o‘g‘illaridan mahsulot sotib olishga bosim ostida qolishi mumkin. Uning fikricha, prezident oilasi Kongress roziligisiz boshlangan urushdan katta daromad ko‘rishi xavfi bor.
Powerus kompaniyasi avvalroq manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini rad etgan. Velikovichning aytishicha, kompaniya AQShga Xitoy va Rossiya ishlab chiqaruvchilarini quvib yetish va ortda qoldirishda yordam berishni maqsad qilgan.
Uning ta’kidlashicha, AQSh hozir qurollanish poygasida ishtirok etmoqda va ishlab chiqarishni tezlashtirmasa, yutqazishi mumkin. Shuningdek, u Amerika sanoatiga kiritilayotgan investisiyalar siyosiy bahslardan tashqari ko‘rilishi kerakligini aytgan.
Prezident o‘g‘illari so‘nggi yillarda o‘z biznes manfaatlarini kengaytirmoqda. Ular ishtirok etayotgan kompaniyalar kriptovalyuta, prognoz bozorlari, raketa komponentlari hamda noyob yer magnitlari ishlab chiqarish kabi turli sohalarda faoliyat yuritmoqda.
Yangi loyiha, shuningdek, Xitoydan import taqiqlanganidan keyin AQShda harbiy dron ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ajratilgan 1,1 milliard dollarlik Pentagon mablag‘laridan ham foydalanishni rejalashtirmoqda.
